O‘zbek tili dunyo miqyosida: milliy meros, sifatli ta’lim va barqaror rivojlanish
Ona tilimizning ravnaqi, istiqboli millat kelajagi bilan bevosita bog‘liqdir. Mana bir necha yildirki, mamlakatimizda 21-oktabr «O‘zbek tili bayrami» sifatida baland ruhda nishonlanmoqda. Tilimizning jamiyat hayotidagi ahamiyati haqida Barqaror rivojlanish markazi bosh mutaxassisi Madinabonu Sharifova quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Har yili 21-oktabr — O‘zbek tili bayramini nishonlar ekanmiz, asosiy masala tilimizning qadrini shunchaki yodga olishda emas, balki uni rivojlantirish borasida belgilangan strategik maqsadlarga qay darajada erishayotganimizdadir.
Tarixiy raqamlarga nazar tashlasak, 1989-yil 21-oktabrda «Davlat tili haqida»gi Qonun qabul qilingan bo‘lsa, oradan yillar o‘tib o‘zbek tilining davlat tili maqomi Konstitutsiyaning 4-moddasida mustahkamlandi. Prezidentning 2019-yil 21-oktabrdagi PF-5850-son Farmoni bilan bu sanani «O‘zbek tili bayrami kuni» deb e’lon qilish taklifi ma’qullandi, 2020-yil 10-aprelda esa ushbu bayram qonun bilan rasman kuchga kirdi.
Eng muhimi, 2020-yil 20-oktabrda Prezidentning PF-6084-son Farmoni bilan «2020–2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi» tasdiqlandi. Ushbu hujjatda davlat tilining nufuzini oshirish bo‘yicha aniq raqamli ko‘rsatkichlar belgilangan: xorijiy oliy ta’lim muassasalaridagi o‘zbek tili markazlari sonini amaldagi 17 tadan 2030-yilgacha 60 taga yetkazish, tilning milliy elektron korpusini yaratish va dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha ilovalarini ishlab chiqish. So‘nggi yillarda xorijiy universitetlarda o‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha bir qator loyihalar boshlandi. Biroq ularning barqarorligi va amaliy natijadorligi bir xil emas.
2025-yil 14-oktabrda Oksfordda o‘zbekshunoslik dasturining rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Dastur «El-yurt umidi» jamg‘armasi va Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, 3 yilga mo‘ljallangan. Uning doirasida O‘zbekistondan boradigan o‘qituvchilar har 6 oyda almashib turadi. Loyiha muhim natijalarga erishish uchun katta imkoniyat yaratadi. Shu bilan birga, xorijda mustahkam fundamental ilmiy maktabni shakllantirish uchun loyiha muddati va o‘qituvchilar tarkibi barqarorligini yanada takomillashtirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Loyihaning muvaffaqiyati taqdimot bilan emas, balki dastur yakunida qancha talaba tilni mukammal o‘rgangani va u doimiy kurs sifatida saqlanib qolgani bilan o‘lchanishi kerak.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Xitoy Xalq Respublikasining Sian xorijiy tillar universitetida «O‘zbek tili» bo‘yicha to‘rt yillik to‘liq bakalavriat yo‘nalishi ochildi. Bu o‘zbek tilining Xitoyda shunchaki fakultativ kurs emas, balki mustaqil mutaxassislikka aylanganini anglatadi. Biroq ilk bitiruvchilar 2030-yilda mehnat bozoriga kiradi. Demak, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy loyihalar uchun tayyor kadrlarning amaliyot tizimini hozirdanoq o‘ylash zarur.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan 2022-yildan buyon Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkiya va Italiyada Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va madaniyati markazlari tashkil etilgan. Loyiha doirasida jami 300 dan ortiq xorijlik o‘qitilgan va A1, A2, V1 darajali darsliklar yaratilgan. Bu tizimli omil hisoblansa-da, hozircha bor-yo‘g‘i 4 ta markaz mavjud. Bu Konsepsiyada 2030-yilgacha belgilangan 60 ta markaz ko‘rsatkichining atigi 6,6 foizini tashkil etadi, xolos.
Barqarorlik nuqtai nazaridan eng samarali model – Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tajribasida ko‘rindi. Bu yerda o‘zbek tilini o‘rgangan koreyalik doktorant dissertatsiya himoya qilib, hozir Janubiy Koreyaning Hanguk xorijiy tillar universitetida professor sifatida kafedra boshqarmoqda. Bu shundan dalolat beradiki, xorijda tilni rivojlantirishning eng ishonchli yo‘li O‘zbekistonda tahsil olgan chet ellik olimlarning o‘z yurtida doimiy maktablar ochishini qo‘llab-quvvatlashdir.
Til rivojlanishi shunchaki madaniy fenomen emas, u BRMning bir nechta maqsadlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqdir. YUNESKOning 2025-yildagi «Languages matter» qo‘llanmasi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisin ing 40 foizi o‘zlari erkin gaplashadigan va tushunadigan tilda ta’lim olish imkoniyatiga ega emas. O‘zbekistonda ta’lim davlat tilida olib borilsa-da, aniq va tabiiy fanlar (fizika, axborot texnologiyalari, tibbiyot) bo‘yicha zamonaviy ilmiy adabiyotlarning o‘zbek tilida yetishmasligi talabalarni rus va ingliz tilidagi manbalarga qaram qilib qo‘ymoqda. Bu esa bilim olishda ichki tengsizlikni keltirib chiqaradi.
Raqamli dunyoda tilning yashab qolishi unung sun’iy intellekt (SI) tizimlariga integratsiyasi bilan belgilanadi. Prezidentning 2025-yil 22-oktabrdagi PF-189-son Farmoniga muvofiq, Raqamli texnologiyalar vazirligi zimmasiga 2026-yil yakuniga qadar kamida 15 milliard parametrli «O‘zbek tili korpusi»ni yaratish va uni 5 ta ochiq katta til modellariga (LLM) integratsiya qilish vazifasi yuklangan. Ma’lumot uchun, hozirgacha eng yirik ochiq o‘zbek nutq korpusi (105 soatlik ovoz) 2021-yilda Qozog‘istonning ISSAI tadqiqot instituti tomonidan yaratilgan edi. Milliy IT-infratuzilmani rivojlantirish uchun ushbu 15 milliardlik korpus mahalliy startaplar uchun ochiq bo‘lishi kerak.
Davlat xizmatlari va yuridik hujjatlar tilining soddalashtirilishi qishloq aholisi va keksa avlodning axborotga erishish imkoniyatini kengaytiradi va ijtimoiy to‘siqlarni kamaytiradi.
Yuqoridagi tahlillar davlat tilining xalqaro nufuzini yuksaltirish, uning ta’lim va ilm-fan sohalaridagi mavqeini mustahkamlash hamda raqamli makondagi imkoniyatlarini kengaytirish uchun tizimli va amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligini ko‘rsatadi. Shu maqsadda quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq:
Onlayn reyestr: Chet eldagi o‘zbek tili markazlari, talabalar soni va natijalarini ko‘rsatib turadigan yagona raqamli baza yaratish.
Aniq natija (KPI): Xorijiy universitetlar bilan tuziladigan shartnomaga faqat o‘qituvchi yuborish emas, balki ilmiy maqola yozish va kursning barqaror ishlashini majburiyat qilib qo‘yish.
Ochiq kod (Open Source): Yaratilayotgan o‘zbek tili korpusini IT kompaniyalarga ochib berish — bu sifatli ovozli yordamchilar va tarjimonlarni tezroq yaratadi.
Zamonaviy darsliklar: Mablag‘ni faqat lug‘atga emas, sun’iy intellekt, bioinjeneriya va yashil energetika bo‘yicha jahon darsliklarini tarjima qilishga yo‘naltirish.
Xalqaro imtihon (TOEFL analogi): Dunyoning istalgan nuqtasidan topshirib bo‘ladigan, CEFR talablariga javob beradigan yagona onlayn sertifikatlash tizimini ishga tushirish.
So‘nggi yillarda o‘zbek tilini xorijda ommalashtirish bo‘yicha Oksford va Sian universitetlari misolida muhim qadamlar qo‘yildi, ammo bu tashabbuslarning aksariyati boshlang‘ich yoki tajriba bosqichida bo‘lib, ularning haqiqiy samarasi 2028–2030-yillarga borib namoyon bo‘ladi.
O‘zbek tilining xalqaro maydondagi kuchi ochilgan markazlar soni yoki o‘tkazilgan taqdimotlar bilan emas, balki tayyorlangan soha mutaxassislari, yaratilgan raqamli resurslar va tilimizni tushunadigan global texnologiyalar hajmi bilan o‘lchanishi zarur. 2030-yilgacha belgilangan milliy maqsadlarga erishish uchun aynan mana shu sifat ko‘rsatkichlari ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishi lozim.
O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.