«O‘zaro oqimlar»: «ARTepa»da noodatiy ko‘rgazma ochiladi
Suv — hayot manbai. Ammo insonning undan foydalanishi, uni boshqarishi va tabiiy oqimlarni o‘zgartirishi atrof-muhitga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda? «ARTepa» galereyasida ochiladigan noodatiy ko‘rgazma ana shu savollarga san’at va tadqiqot orqali javob izlaydi.
18-sentabr kuni soat 18:30 da Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tasarrufidagi «Green University» huzuridagi «ARTepa» galereyasida «O‘zaro oqimlar» (Interflows) ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Ko‘rgazma «Art Station» va «DAVRA» tadqiqot jamoasi hamkorligida tashkil etilgan. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi ko‘magida, «Markaziy Osiyo san’at va madaniyat dasturi» (CAACP) va «Art Station: so‘z erkinligi, badiiy ijod, inklyuziv muloqot va hamjamiyatni rivojlantirish chorrahasi» loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Ko‘rgazma uch oy davomida «o‘zgarib» boradi
«O‘zaro oqimlar»ning o‘ziga xos jihati shundaki, u tayyor holda taqdim etilib, shu yerda yakunlanib qolmaydi. Ko‘rgazma 15-dekabrga qadar davom etadi va shu vaqt mobaynida rivojlanib, yangi asarlar, g‘oyalar va tadqiqot natijalari bilan boyib boradi.
Uning asosini «DAVRA» tadqiqot jamoasining Markaziy Osiyoda suvdan foydalanish va uni o‘zgartirish jarayonlarining ekologik, siyosiy hamda ijtimoiy o‘zgarishlar bilan qanday bog‘liqligini o‘rganishga bag‘ishlangan loyihasi tashkil etadi.
Ekspozitsiyada jamoaning, jumladan, 2024-yilda yaratilgan «Taming Waters and Women in Soviet Central Asia» asari, shuningdek, Saodat Ismoilovaning «Stains of Oxus» (2016) filmi namoyish etiladi.
Mazkur film tomoshabinni Tojikiston muzliklaridan boshlanib, tobora yo‘qolib borayotgan Orol dengizigacha Amudaryo bo‘ylab sayohatga olib boradi.
Ularga Markaziy Osiyoning yosh rassomlari tomonidan tadqiqot va rezidensiya dasturlari doirasida yaratilgan yangi asarlar ham qo‘shiladi. Jumladan, «ARTepa»da yaqinda o‘tkazilgan «EARTH, WATER & AIR» dasturi doirasida yaratilgan ijodiy ishlar ham namoyish etiladi.
Suv — faqat resurs emas
«O‘zaro oqimlar» oddiy san’at ko‘rgazmasidan ko‘ra kengroq mazmunga ega. U suvni faqat inson ehtiyojlari uchun foydalaniladigan resurs sifatida emas, balki jamiyat, tabiat, siyosat va inson hayotini bir-biriga bog‘lab turuvchi muhim omil sifatida ko‘rishga undaydi.
Ko‘rgazma markazida esa bir muhim savol turadi: insonning suv va landshaft bilan munosabatini tabiatdan foydalanish, uni nazorat qilish va bo‘ysundirish tushunchalaridan tashqari qanday tasavvur qilish mumkin?
Shuningdek, tabiat bilan munosabatning biz hali yetarlicha anglab yetmagan qanday muqobil usullari mavjud?
«O‘zaro oqimlar» ana shu savollarni tomoshabinga tayyor javob sifatida emas, balki mulohaza qilish, kuzatish va o‘z munosabatini qayta ko‘rib chiqish uchun taqdim etadi.
Ko‘rgazma «DAVRA» tadqiqotining davomiy qismi bo‘lib, u avval «Matter of Art Biennale» (2024), «Lahore Biennale» (2024), «TOMORROWS – A Land of Water» (2024), «Socialist Anthropocene workshop» (2025) va «Water, Air and Earth» (2026) rezidensiyasi kabi ko‘rgazma, vorkshop va tadqiqot dasturlari orqali rivojlanib kelgan.
Endi esa ushbu tadqiqot «ARTepa»da davom etib, turli bosqichlarda yaratilgan asarlar, g‘oyalar va natijalarni yagona makonda birlashtiradi.
Ko‘rgazma 18-sentabrdan 15-dekabrga qadar davom etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA