Suv ta’minoti barqarorligi yo‘lida tariflar ko‘rib chiqildi
Nurafshon shahrida Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi o‘tkazildi. Unda deputatlar, kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan davlat va jamoat tashkilotlari mas’ullari qatnashdi.
Xususan, Toshkent viloyatida aholini sifatli va barqaror ichimlik suvi bilan ta’minlash, oqova xizmatlarini uzluksiz tashkil etish borasidagi masala ko‘rib chiqildi. Ayni paytda suv ta’minoti tizimidagi infratuzilmani yangilash, yangi inshootlarni ishga tushirish hamda energiya resurslari narxlarining oshishi korxona xarajatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu tufayli korxonaning xarajatlari, mavjud infratuzilmani saqlash va xizmatlar barqarorligini ta’minlash zaruratidan kelib chiqib, ichimlik suvi va oqova xizmatlari uchun yangi tariflar taklif etilmoqda.
Ichimlik suvi uchun aholiga — 1 kub metr uchun 3 ming 472 so‘m. Byudjet va ulgurji tashkilotlarga — 1 kub metr uchun 17 ming 920 so‘m. Oqova xizmati uchun aholiga — 1 kub metr uchun 1 ming 680 so‘m. Byudjet va ulgurji tashkilotlarga — 1 kub metr uchun 4 ming 480 so‘m.

Tariflarni qayta ko‘rib chiqishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — suv ta’minoti korxonasining moliyaviy barqarorligini ta’minlash, elektr energiyasi va boshqa ekspluatatsiya xarajatlarini qoplash, yangi infratuzilma ob’ektlarini saqlash hamda aholi va tashkilotlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni uzluksiz davom ettirishdan iborat.

Zero, suv ta’minoti aholi hayoti va hudud iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega soha. Shu bois tizimdagi xarajatlar va tariflar o‘rtasidagi mutanosiblikni ta’minlash, infratuzilmani modernizatsiya qilish va xizmatlar sifatini oshirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.
Shundan so‘ng sessiyaning kun tartibidagi boshqa masalalari ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Mas’ullarga zarur topshiriqlar berildi.
A.Musayev,O‘zA