“O‘zagrosug‘urta” AJ: ta’lim va xalqaro ishonch yo‘lidagi yangi qadamlar.
"O‘zagrosug‘urta" aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimizda huquqiy ta’limni rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim tashabbus amalga oshirildi.
"O‘zagrosug‘urta" AJ hamda Toshkent Davlat Yuridik Instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Ushbu memorandum ta’lim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirish hamda kelajakda yuqori malakali huquqshunos kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.

Hamkorlik doirasida talabalar uchun ishlab chiqarish va malakaviy amaliyotlarni tashkil etish, soha mutaxassislari ishtirokida master-klasslar va seminarlar o‘tkazish, ilmiy-amaliy loyihalarni birgalikda amalga oshirish, shuningdek, yosh mutaxassislarni mehnat bozoriga muvaffaqiyatli tayyorlash bo‘yicha qator tashabbuslar yo‘lga qo‘yiladi.
Memorandumning yana bir muhim jihati – iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirish va zamonaviy mehnat bozori talablariga mos raqobatbardosh kadrlar yetishtirishga qaratilganligidir.

Shu bilan birga, "O‘zagrosug‘urta" AJning xalqaro moliyaviy maydondagi ishonchli pozitsiyasi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. Dunyodagi yetakchi reyting agentliklaridan biri bo‘lgan Moody's Investors Service Jamiyatning xalqaro kredit reytingini Ba3 darajasida "Positive" (Ijobiy) prognozi bilan yana bir bor tasdiqladi.

Mazkur reyting kompaniyaning moliyaviy barqarorligi, samarali korporativ boshqaruvi, majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarish qobiliyati hamda uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi xalqaro standartlarga mos ekanligini namoyon etadi.
Bugungi kunda "O‘zagrosug‘urta" AJ nafaqat mamlakat sug‘urta bozoridagi yetakchi tashkilotlardan biri, balki yoshlar salohiyatini rivojlantirish, ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlik qilish va xalqaro moliyaviy institutlar ishonchini mustahkamlash yo‘lida izchil qadamlar tashlayotgan zamonaviy kompaniya sifatida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Ta’lim, innovatsiya va moliyaviy barqarorlikni uyg‘unlashtirgan mazkur tashabbuslar kelajakda Jamiyatning raqobatbardoshligini yanada oshirish va mamlakat iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shishga xizmat qiladi.