“O‘zagroinspeksiya” korrupsiyaga qarshi qanday kurashmoqda?
Korrupsiyaga qarshi kurashish bugun davlat boshqaruvidagi eng muhim vazifalardan biriga aylangan. Bu borada “O‘zagroinspeksiya” tizimida ham shaffoflikni ta’minlash, inson omilini kamaytirish va xavflarni barvaqt aniqlashga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qayd etilishicha, hozirda Inspeksiyada korrupsiyaga qarshi kurashishni tartibga soluvchi 12 ta ichki hujjat amaliyotga joriy etilgan. Shuningdek, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun ijrosini ta’minlash maqsadida maxsus dastur qabul qilinib, 1080 nafar xodim tomonidan deklaratsiyalar to‘ldirildi.
Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashda ham yangi mexanizmlar ishga tushirildi. Bugungi kunda korrupsiya yoki manfaatlar to‘qnashuviga oid holatlar haqida xabar berish uchun mo‘ljallangan 4 ta aloqa kanali kecha-kunduz ishlamoqda.
Korrupsiyaning oldini olish faqat nazorat bilan emas, balki profilaktika bilan ham bog‘liq. Shu maqsadda xodimlar o‘rtasida 1400 dan ortiq buklet va infografik materiallar tarqatildi, o‘quv-treninglar va profilaktik tadbirlar tashkil etildi.
Kadrlar bilan ishlashda ham shaffoflik ustuvor vazifaga aylangan. Yangi ishga qabul qilinayotgan nomzodlar korrupsiyaviy xavflar nuqtai nazaridan baholanmoqda. Hisobot davrida 150 nafar nomzod o‘rganib chiqildi. Shu bilan birga, xavf yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar maxsus malaka oshirish kurslariga jalb qilindi.
Raqamlashtirish sohasida amalga oshirilgan ishlar esa inson omilini qisqartirish va xizmatlar ko‘rsatishdagi shaffoflikni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Inspeksiya axborot tizimlari 16 ta vazirlik va idora bilan integratsiya qilingan bo‘lib, aholiga 11 turdagi davlat xizmati elektron shaklda taqdim etilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda jazodan ko‘ra tizimli profilaktika va raqamlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. “O‘zagroinspeksiya”da amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar aynan shu tamoyilga asoslanib, sohada ochiqlik va jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA