Senat: jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallar tarqalishining oldi olinadi
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida jamoat xavfsizligini ta’minlash, ekstremizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirish hamda ayrim hududlar chegaralarini o‘zgartirishga oid masalalar muhokama qilindi.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ekstremizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida murakkab geosiyosiy sharoit va axborot makonidagi xavf-xatarlar jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha choralarni kuchaytirishni talab etayotgani ta’kidlandi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda yoshlar siyosati, ta’lim va axborot sohasiga oid ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu hujjat jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallar tarqalishining oldini olish, davlat organlari va jamoatchilik hamkorligini mustahkamlash hamda milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

Majlisda Navoiy viloyatining Zarafshon shahri va Tomdi tumani chegaralarini hamda Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Jarqo‘rg‘on tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Hududlarni maqbullashtirish aholi sonining o‘sishi, infratuzilmaga bo‘lgan ehtiyojning ortishi va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollari bilan bog‘liqligi ta’kidlandi. Mazkur o‘zgarishlar yer va mulk resurslaridan samarali foydalanish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish hamda hududlarni boshqarish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar vakillarining axborotlari eshitildi, ishtirokchilar tomonidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Majlis yakunida ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA