Ov emas, tabiatga tajovuz
Tabiat — insonga berilgan bebaho ne’mat. Uning har bir jonizoti, har bir giyohi va har bir tabiiy boyligi ekologik muvozanatning muhim bir bo‘g‘ini hisoblanadi. Shu bois yovvoyi hayvonlarni asrash, ularning tabiiy yashash muhitini muhofaza qilish va noqonuniy ovchilikning oldini olish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.
Ayniqsa, cho‘l va sahro hududlarida yashovchi yovvoyi hayvonlar tabiat zanjirining ajralmas qismi sanaladi. Ularning har birini asrash — aslida tabiatning ertangi kunini asrash demakdir.
Buxoro viloyatining Olot tumanining cho‘l hududida ekopolitsiya xodimlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbiri chog‘ida uch nafar fuqaro yovvoyi quyonlarni noqonuniy ovlayotgani aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolar yoritish asboblaridan foydalangan holda 6 bosh yovvoyi quyonni to‘pponcha yoki ov quroli bilan emas, balki oddiy tayoq bilan urib, noqonuniy ravishda ovlagan. Bir qarashda bu oddiy holatdek tuyulishi mumkin. Ammo tabiat nuqtai nazaridan qaraganda, har bir noqonuniy ovlangan jonivor — ekologik muvozanatga yetkazilgan zarardir. Chunki tabiatda har bir hayvonning o‘z o‘rni bor. Bir turning kamayishi boshqa turlar soni va tabiiy muhit barqarorligiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Aniqlangan holat natijasida tabiatga yetkazilgan zarar miqdori hisoblab chiqildi. 6 bosh yovvoyi quyonni noqonuniy ovlash oqibatida tabiatga 7 million 415 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani belgilandi. Bu raqam faqat moddiy hisob-kitobni anglatmaydi. Uning ortida tabiatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan jonzotlarning yo‘qotilishi, ekologik muvozanatga salbiy ta’sir va tabiiy boyliklarga nisbatan mas’uliyatsiz munosabat bor.
Tabiatga yetkazilgan zararni pul bilan hisoblash mumkin, ammo yo‘qotilgan tabiiy boylikni har doim ham qayta tiklab bo‘lmaydi. Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqiy baho berish uchun Olot tuman sudiga taqdim etildi.

Bu esa noqonuniy ovchilikka qarshi nazorat tadbirlari izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.
Qonunchilikda yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish, ularni ovlash tartibi va noqonuniy ov uchun javobgarlik choralari belgilab qo‘yilgan. Shuning uchun tabiat bag‘riga dam olish, ov qilish yoki boshqa maqsadda chiqqan har bir inson belgilangan qoidalarga qat’iy rioya qilishi shart. Tabiatni muhofaza qilish faqat ekologlar yoki nazorat organlarining vazifasi emas. Bu har bir fuqaroning insoniy va fuqarolik burchidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri