Korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro standartlarga muvofiqlik ta’minlanmoqda
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Nosirxo‘jayevning ma’lum qilishicha, 2026-yilning birinchi yarim yilligi davomida mazkur tashkilot tizimida korrupsiyaviy omillarning oldini olish va komplayens tizimini takomillashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, jamiyat markaziy apparati va barcha filiallari “CERT International” sertifikatlash organi tomonidan auditdan o‘tkazildi. Audit natijalariga ko‘ra, tizimning xalqaro standartlar talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi ISO sertifikatlari qo‘lga kiritildi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens tizimlarini yanada takomillashtirish maqsadida 61 nafar xodim “Muvofiqlik komplayens menejmenti tizimi” bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarida tahsil olib, belgilangan tartibda sertifikatlandi.
–Bundan tashqari, 159 nafar mas’ul xodimimiz Bosh prokuraturaning “Korrupsiyaga qarshi virtual akademiyasi” elektron platformasida o‘qitildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 28 ta seminar-trening va davra suhbati, 12 ta profilaktik tadbir o‘tkazdik. Xodimlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning muammolarini o‘rganish va joyida yechim topish maqsadida 6 ta ochiq va sayyor qabul tashkil etdik.
Murojaatlarga ham alohida e’tibor qaratyapmiz. Onlayn aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy holatlar bo‘yicha 4 ta murojaat kelib tushdi. Ularning barchasi o‘rganilib, murojaat mualliflariga tegishli tushuntirishlar berildi. Shuningdek, 1 ta holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, natijalari tegishli organlarga taqdim etildi, – dedi B.Nosirxo‘jayev.
Brifingda ta’kidlanganidek, kelgusida korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash, profilaktika choralarini kuchaytirish va komplayens tizimini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA