O‘tkir Hoshimov adabiy merosi turk kitobxonlari e’tiborida
O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning betakror ijodi hayotiyligi, inson ruhiyatini chuqur tasvirlashi va real voqelikni haqqoniy aks ettirishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois ustoz adibning asarlari nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham keng targ‘ib etilmoqda.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, adib tavalludining 85 yilligi munosabati bilan Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, professor Xayrulla Hamidovning “Ötkir Haşimov ve Eserleri: Bir İnceleme ve Tercüme Seçkisi” («O‘tkir Hoshimov va asarlari: Ilmiy tadqiqot va tanlangan tarjimalar») nomli monografiyasi turk tilida nashr etildi.
Nashrga Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori, professor Gulchehra Rixsiyevaning so‘zboshisi, professor Abdurahim Mannonovning bosh maqolasi hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Muslimbek Yo‘ldoshevning so‘ngso‘zi kiritilgan.
Monografiyada O‘tkir Hoshimov asarlarining turk tiliga qilingan tarjimalari ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Shuningdek, adibning eng sara hikoyalari ham turk tilida kitobxonlarga taqdim etilgan.
Mazkur nashr «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida o‘zbek adabiyoti durdonalarini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan vazifalar ijrosining amaliy samaralaridan biri hisoblanadi.
Ushbu kitob O‘tkir Hoshimov ijodining turk kitobxonlari orasida yanada keng ommalashishiga, shu bilan birga, o‘zbek adabiyotining jahon adabiy makonidagi nufuzini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.
N.Usmonova,
O‘zA