«Suyunchi»ning navbatdagi soni «Ajr» kitobiga bag‘ishlandi
«Suyunchi» - O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan ijodkorlarning yangi nashr etilgan kitoblari hamda sara asarlarini keng jamoatchilikka tanishtirish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan maxsus videoloyiha.
Loyiha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati hamda «Adiblar xiyoboni studiyasi» hamkorligida tayyorlanib, tomoshabinlarga taqdim etiladi. Dasturning asosiy g‘oyasi — zamonaviy o‘zbek adabiyoti namoyandalarining uyushma ko‘magida chop etilgan yangi kitoblarini kitobxonlarga o‘ziga xos «suyunchi» sifatida yetkazishdan iborat.
Ko‘rsatuvning doimiy boshlovchilari Nargiza Asadova va Hulkar Sherzodova hisoblanadi. Loyihaning tasvirga olinishi, operatorlik ishi hamda montajini tajribali mutaxassis Jasur Tursunov amalga oshiradi. Loyihaning asosan ijodkor yoshlar tomonidan tayyorlanayotgani uning o‘ziga xosligi va adabiyot muxlislari mehrini qozonishida muhim omil bo‘lmoqda.
«Suyunchi»ning navbatdagi dasturi taniqli shoira, ma’naviyat va kitobxonlik targ‘ibotchisi, «Shuhrat» medali sohibi Gulchehra Shahobiddin qizining «Ajr» nomli yangi kitobiga bag‘ishlandi.
Mazkur kitobga filologiya fanlari doktori, adabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev «Turfa tuyg‘ular tasviri» sarlavhali so‘zboshi yozgan. To‘plamdan Vatan, istiqlol, mehr-muhabbat, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda insonning samimiy kechinmalari tarannum etilgan she’rlar o‘rin olgan.

Gulchehra Shahobiddin qizi 1964-yil 14-mart kuni Jizzax shahrida tug‘ilgan. U O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.
Ijodkorning bugungi kunga qadar ko‘plab maqolalari, darsliklari, metodik qo‘llanmalari, tavsiyalari va she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Jumladan, «Yangi oy chiqqan kecha», «Sog‘inch», «Dilda darding bo‘lmasa», «Jon ichra jondir Vatan» kabi she’riy to‘plamlar, shuningdek, «Navro‘zing muborak, O‘zbekistonim», «Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston», «Milliy g‘oya bo‘yicha atama va lug‘atlar», «Nur Sharqdandir», «Sokin daryo shiddati», «Ayol bilan olam munavvar» kabi o‘nlab metodik qo‘llanmalar hamda «Tugallanmagan parvoz» nomli esse muallifi hisoblanadi.
N.Usmonova,
O‘zA