OTB delegatsiyasi O‘zbekiston farmatsevtika sohasidagi islohotlar bilan tanishdi
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida OTB delegatsiyasiga O‘zbekistonda farmatsevtika ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, istiqbolli loyihalar hamda Agentlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, farmatsevtika mahsulotlari sifatini oshirish, sohaning ilmiy va ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar taqdim etildi.
Muloqotda O‘zbekistonning PIC/Sga a’zo bo‘lish jarayoniga alohida e’tibor qaratildi. Tayyorgarlik ishlari, inspeksiya tizimini xalqaro talablarga muvofiq takomillashtirish hamda mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
OTB delegatsiyasi vakillari O‘zbekiston farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy baholab, istiqbolli qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar farmatsevtika sohasida hamkorlik va tajriba almashinuvini kengaytirish, shuningdek, O‘zbekistonning mintaqaviy farmatsevtika markazi sifatidagi salohiyatini yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA