O‘simlik dunyosiga boy “Hisor” davlat qo‘riqxonasi
FOTOREPORTAJ
“Hisor davlat qo‘riqxonasi davlat tabiatni muhofaza qilish ilmiy-tadqiqot muassasasi” O‘zbekistonning janubiy-sharqiy qismida, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Yakkabog‘ va Qamashi tumanlari hududida Hisor tog‘ tizmasining g‘arbiy yonbag‘rida joylashgan.
Qo‘riqxona Qashqadaryoning Shahrisabz, Qamashi, Yakkabog‘ davlat o‘rmon xo‘jaligi hamda janubiy-sharqda Surxondaryo viloyati, shimoliy-sharqda qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh.
“Hisor” tizmasi shimoli-g‘arbiy tarmoqlari tabiiy kompleksini asl holicha saqlab qolish, ulardagi tabiiy jarayonning borishini o‘rganish, tabiatni muhofaza qilishning ilmiy asoslarini amaliyotga tatbiq etish hamda yovvoyi tabiatdagi noyob o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish qo‘riqxonaning asosiy maqsadidir.
Hududning o‘simlik dunyosi juda boy va xilma-xil bo‘lib, qo‘riqxona xodimlari ularni muhofaza qilish va o‘rganish borasida doimiy izlanish olib bormoqda.
Qo‘riqxona florasida 71 oila, 457 turkumga mansub 1298 tur o‘simlik o‘sishi aniqlangan. Ularning 250 turdan ortig‘i dorivor va ozuqabop hisoblanadi.
[gallery-18641]
Ilmiy xodimlar va qo‘riqlash xodimlarining birgalikda olib borgan dala tadqiqotlari davomida 1298 turning 8430 dan ortiq gerbariy namunasi yig‘ildi va TASH fondiga topshirildi.
Shuningdek, ilk marotaba O‘zbekistondagi METHlar orasida, “Hisor davlat qo‘riqxonasi davlat tabiatni muhofaza qilish ilmiy-tadqiqot muassasasi” florasida tarqalgan yuksak o‘simliklarning fotoalbomi yaratildi. Ushbu fotoalbomda qo‘riqxona florasida tarqalgan yuksak o‘simliklarning nomlanishi, oila-turkum-turlari bo‘yicha ma’lumotlar jamlandi.
Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA