Orolbo‘yida xalqaro ilmiy ekspeditsiya ish boshladi
Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazida Xitoy Xalq Respublikasi olimlari ishtirokida Orol dengizining qurigan tubiga uyushtiriladigan navbatdagi xalqaro ekspeditsiya rejalari muhokama qilindi.
Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi (IICAS) Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon ekologiya va geografiya instituti (XIEG) bilan hamkorlikda keng qamrovli xalqaro ilmiy ekspeditsiya boshlanganini e’lon qildi. Ushbu yirik tadqiqot Orol dengizining qurigan tubini qamrab olib, Xitoyning yetakchi olimlari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi hamda mintaqaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillarini birlashtiradi. Ekspeditsiya joriy yilning 10-mayigacha davom etadi.
Ekspeditsiyaning asosiy maqsadi Orol dengizining qurigan tubida sodir bo‘layotgan ekotizim o‘zgarishlarini har tomonlama o‘rganishga qaratilgan kompleks ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish hisoblanadi. Ushbu jarayon tuproq holatini monitoring qilish, biologik xilma-xillikni baholash hamda hudud florasiga oid ma’lumotlarni tizimlashtirishni o‘z ichiga oladi. Asosiy vazifalardan biri Orolbo‘yi florasining noyob Atlasini yaratish uchun ilmiy asos shakllantirish bo‘lib, u hududda yashil qoplamani tiklash va barqaror rivojlantirish bo‘yicha samarali choralarni ishlab chiqishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, ushbu ekspeditsiya mamlakat hukumati tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan, mintaqa ekotizimini tiklash va Orol dengizi qurishi natijasida yuzaga kelgan ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatishga qaratilgan izchil siyosat doirasida amalga oshirilmoqda.
Tadqiqotning asosiy yo‘nalishlari tuproq tarkibini o‘rganish, mineral qatlamlar va tuz ko‘chishi jarayonlarini tahlil qilishdan iborat. Olimlarning ta’kidlashicha, Orol tubidan ko‘tarilgan chang nafaqat qo‘shni hududlarga, balki Xitoy va Yevropaning uzoq mintaqalarigacha yetib boradi. Dala tadqiqotlari davomida to‘plangan ma’lumotlar ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha strategik davlat qarorlarini qabul qilish uchun ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ikki davlat olimlarining hamkorligi nafaqat mavjud o‘zgarishlarni qayd etish, balki cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha aniq yechimlar ishlab chiqishga qaratilgan.
Mazkur muloqot tomonlar o‘rtasidagi uzoq muddatli ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda Orolbo‘yi mintaqasida qo‘shma innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.