Orolbo‘yi delegatsiyasining Boshqirdistonga tashrifi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev rahbarligida tadbirkorlar va tegishli mas’ullardan iborat delegatsiya Boshqirdiston Respublikasiga bordi.
Ufa shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev Boshqirdiston Respublikasi Raisi Radiy Xabirov bilan uchrashdi.
Dastlab Jo‘qorg‘i Kenges Raisi tadbir tashkilotchilariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Prezidentlari qo‘llab-quvvatlashi bilan ikki davlat hududlari o‘rtasida yaqin sheriklik munosabatlarining yanada mustahkamlanishiga asos yaratilayotganligi alohida e’tirof etildi.

Joriy yilning may oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov rahbarligidagi delegatsiya mazkur hududda bo‘lgan edi. Shuningdek, Rossiya Prezidentining O‘zbekistonga safari doirasida ikki davlat hududlari o‘rtasidagi aloqalar borasida Jo‘qorg‘i Kenges Raisi va Boshqirdiston Raisi o‘rtasida muloqot olib borildi. Jo‘qorg‘i Kenges Raisining ushbu yurtda amaliy tashrifi ikki el o‘rtasidagi yanada samarali aloqalarni o‘rnatishga asos bo‘lib xizmat qiladi.
O‘z navbatida Boshqirdiston Raisi ikki hudud o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni, yaqin qarindoshlik munosabatlarni mustahkamlash zarurligini, amalga oshiriladigan choralar yuzasidan bir hafta muddatda belgilangan “Yo‘l xaritasi”ni qabul qilishni alohida ta’kidlab o‘tdi. Shu munosabat bilan joriy yilning 31 avgust kuni Ufa shahrining 450 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram tadbiriga taklif qildi.
Jo‘qorg‘i Kenges Raisi ham joriy yilning 20 avgust kuni Qoraqalpog‘istonda o‘tkaziladigan Prezidentimizning tadbirkorlar bilan uchrashuvi hamda xalqaro forumga Boshqirdiston rahbari va ushbu hudud tadbirkorlarini taklif qildi.
Ikki tomonlama sheriklikni mustahkamlash borasida o‘tkazilgan uchrashuvda qator ahamiyatli masalalar muhokama etildi. Qoraqalpog‘iston va Boshqirdiston o‘rtasida imzolangan kelishuvga ko‘ra 2026 yilga qadar amalga oshirilishi zarur choralar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan rejalar doirasida hamkorlikning davom ettirilishi ta’kidlab o‘tildi.

Uchrashuvda neft va gaz kimyosi, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa yo‘nalishlarda yaqin sheriklik munosabatlarini davom ettirish, ta’lim sohasida ham aloqalarni o‘rnatish, Qoraqalpog‘istonda Ufa yoqilg‘i-energetika kollejining filialini tashkil etish bo‘yicha kelishib olindi. Bundan tashqari, Nukus shahrida Texnopark tashkil etish loyihasini jadallashtirish, ikki tomonlama hamkorlik masalalarini doimiy ravishda shakllantiradigan vakolatli vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning qo‘shma ishchi guruhini tuzish masalalari muhokama etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri