Til bor ekan, millat barhayot
Navoiy shahridagi ma’naviyat va ma’rifat markazida Navoiy davlat universitetining Tillar hamda San’at va sport fakultetlari hamkorligida 21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi munosabati bilan “Til bor ekan, millat barhayot!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, o‘zbek tili milliy o‘zligimiz, tarixiy xotiramiz va ma’naviy qadriyatlarimizning bebaho timsoli. Ona tilimizga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, uning davlat va jamiyat hayotidagi nufuzini mustahkamlash bugungi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim yo‘nalishlaridan biridir.

– Bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson qadrini ulug‘lash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, ta’lim sifatini oshirish va yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan, – deydi universitet rektori Muhiddin Kalonov. – Ushbu jarayonlarda davlat tilining mavqeini mustahkamlash, o‘zbek tilining zamonaviy fan, ta’lim, axborot texnologiyalari va davlat boshqaruvidagi qo‘llanish doirasini kengaytirish alohida ahamiyat kasb etadi. Davlat tiliga e’tibor, avvalo, uning amaliy hayotdagi o‘rni va imkoniyatlarini kengaytirish bilan namoyon bo‘ladi. Rasmiy hujjatlarda, ilmiy tadqiqotlarda, ta’lim jarayonida va raqamli muhitda o‘zbek tilining imkoniyatlaridan samarali foydalanish tilimizning nufuzi va rivojiga xizmat qiladi. Shu ma’noda, oliy ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlodda milliy o‘zlikni anglash, ona tiliga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish va ma’naviy merosga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.



Bayram dasturida ona tilimizning go‘zalligi, jozibasi va boyligini tarannum etuvchi she’rlar, kuy-qo‘shiqlar hamda badiiy chiqishlar namoyish etildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri