Orolbo‘yi bolalariga bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkazilmoqda
Joriy yilning may oyida Bolalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan Turkiyaning nufuzli tibbiyot klinikalaridan jalb etilgan malakali mutaxassislar Nukus shahridagi Bolalar milliy tibbiyot markazi Orolbo‘yi klinikasida bo‘lib, ehtiyojmand oila farzandlarini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan edi.
Loyihaning asosiy maqsadi ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda murakkab jarrohlik amaliyotiga ehtiyoji bo‘lgan bolalarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishdan iborat. “Sog‘lom kelajak” aksiyasi doirasida tashkil etilgan ushbu tibbiy ko‘riklar natijasida tanlab olingan 100 nafar bemor bolaga o‘tgan kundan boshlab shu yerning o‘zida murakkab jarrohlik amaliyotlari boshlandi. Bu esa o‘z navbatida mahalliy shifokorlar uchun “mahorat darsi” ham hisoblanadi.

E’tiborli jihati, ushbu xayriya aksiyasi Jamoat fondi tomonidan to‘liq moliyalashtirilib, aholi uchun bepul tarzda amalga oshirilmoqda. Endilikda bemor bolajonlarni xorijga chiqib, davolanishlariga ehtiyoj qolmayapti.

Albatta, bunday tajriba, qolaversa, ushbu mablag‘larning Jamoat fondi tomonidan qoplab berilishi tom ma’noda “Inson qadri uchun” degan tamoyilining nechog‘lik yuksak qadriyat ekanligini amalda ko‘rsatib bermoqda.
Ikkinchi kuni jarrohlik amaliyotidan muvaffaqiyatli chiqqan turk shifokorlari huzuriga kelgan bemor bolalar va ularning ota-onalari quvonchini ko‘zlaridan anglash qiyin emas. Jarrohlik amaliyotlari joriy yilning 8-iyuliga qadar davom etishi rejalashtirilgan.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri