O‘rmon fondi yerlarini boshqa toifaga o‘tkazish Prezident qarori asosida amalga oshiriladi
“O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga o‘rmon fondi yerlari muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi o‘rmon fondi yerlarining muhofazasini ta’minlash bilan bog‘liq talablarni O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksida aniq belgilash orqali ularni alohida muhofaza etishga qaratilgan.
Jumladan, qonun loyihasi bilan Yer kodeksiga o‘rmon fondi yerlarining alohida muhofaza etilishini ta’minlashga qaratilgan muhim normalar kiritilmoqda. Ya’ni, loyiha bilan o‘rmon fondi yerlari alohida muhofaza etilishi belgilanmoqda.
O‘rmon fondi yerlarini yer fondining boshqa toifasiga o‘tkazish faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida amalga oshirilishi mustahkamlanmoqda. Amalda o‘rmon fondi yerlarini yer fondining boshqa toifasiga o‘tkazish Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq amalga oshirilar edi.
Qonunchilik palatasi majlisida ushbu qonun loyihasi muhokama qilinar ekan, loyihaning qabul qilinishi o‘rmon fondi yerlarini alohida muhofaza qilish, ularni ko‘paytirish hamda ekologik tizimlar barqarorligini ta’minlash xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
M.Komilova,
O‘zA