Onlayn firibgarliklarga qarshi kurashish choralari kuchaytiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
Dastlab axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.
— Bugun raqamli texnologiyalar hayotimizning barcha sohalariga chuqur kirib borayotgan bir paytda kiberjinoyatlar ham yangi ko‘rinishlarda namoyon bo‘lmoqda, — dedi deputat J.Abdullayev. — Onlayn firibgarlik, bank kartalaridan mablag‘larni talon-toroj qilish, shaxsiy ma’lumotlarning noqonuniy tarqatilishi, soxta raqamli kontent (deepfake), moliyaviy piramidalar kabi huquqbuzarliklar fuqarolarning mol-mulki, shaxsiy ma’lumotlari va axborot xavfsizligiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Shu maqsadda qonun loyihasi bilan Ichki ishlar vazirligi ushbu sohadagi vakolatli davlat organi sifatida belgilanib, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini muvofiqlashtirish, profilaktika ishlarini tashkil etish, huquqbuzarliklarni fosh etish hamda vakolatli idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlash bo‘yicha aniq vakolatlarga ega bo‘ladi.

Bu borada banklar, to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimi operatorlari va internet-provayderlarining mas’uliyati ham kuchaytirilmoqda. Ular shubhali operatsiyalarni o‘z vaqtida aniqlash, kiberxavflar haqida vakolatli organlarga zudlik bilan axborot taqdim etish, raqamli dalillarni saqlash va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlarni bajaradi.
Qonun loyihasida kiberjinoyatlardan jabrlangan shaxslarni himoya qilish masalasi ham e’tiborga olingan. Ya’ni, ularni reabilitatsiya qilish, huquqiy, psixologik va zaruratga ko‘ra tibbiy yordam ko‘rsatish, buzilgan huquqlarini tiklash hamda raqamli va moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, moliyaviy piramida ko‘rinishidagi firibgarliklarni barvaqt aniqlash, ular tarqalishining oldini olish, aholini kibertahdidlar haqida tezkor ogohlantirish, shuningdek, jamiyatda kibermadaniyat va kibergigiyena ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiluvchi huquqiy mexanizmlar mustahkamlanmoqda.
Muhokamalarda bir qator savollar o‘rtaga tashlanib, tegishli javoblar qaytarildi. Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi kiberjinoyatlarga qarshi kurashishning zamonaviy va samarali huquqiy tizimini shakllantirish, shaxs, jamiyat va davlatning kibermakondagi huquq hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, fuqarolarning raqamli xizmatlardan xavfsiz foydalanishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.
Qonun loyihasining dolzarbligi e’tirof etilib, ikkinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.
M.Komilova,
O‘zA