O‘quvchining maktab sumkasi qancha og‘irlikda bo‘lishi kerak?
Yangi o‘quv yilining boshlanishi aksariyat ota-onalar uchun bolani maktabga ham ruhan tayyorlash, ham uni maktab uchun zarur bo‘lgan buyumlar bilan ta’minlash kabi muhim jarayon sanaladi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: o‘quvchining maktab sumkasi qancha og‘irlikda bo‘lishi kerak?
Olimlar va shifokorlarning ta’kidlashicha, bola ko‘tarishi kerak bo‘lgan sumka og‘irligi uning vaznining 10–15 foizidan oshmasligi kerak. Agar sumka bundan og‘ir bo‘lsa, bolada umurtqa pog‘onasi qiyshayishi (skolioz), yelka va bel og‘riqlari, tez charchash va diqqatning pasayishi, noto‘g‘ri qad-qomat shakllanishi kabi muammolar yuzaga kelishi mumkin. Ayniqsa, kichik yoshdagi bolalarning suyaklari hali to‘liq shakllanmagani uchun ular og‘ir yukka nisbatan juda sezgir bo‘ladi.
Dunyo tajribasiga nazar tashlansa, ko‘plab mamlakatlarda maktab sumkasi og‘irligi bo‘yicha maxsus me’yorlar belgilangan. Yaponiya va ba’zi Yevropa davlatlarida o‘quvchilar uchun yengil materialdan tayyorlangan maxsus “ergonomik ryukzaklar” ishlatiladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, har 3 o‘quvchidan 1 tasi sumka og‘irligi sababli bel og‘rig‘idan shikoyat qiladi. Zamonaviy maktablarda elektron darsliklar joriy etilishi sumka og‘irligini kamaytirishga yordam bermoqda.

O‘quvchiga yengil va mustahkam material, keng va yumshoq yelka tasmalari, bolaga mos, qulay dizayn hamda orqa qismi yumshoq va nafas olishga to‘siq bo‘lmaydigan sumkalarni tanlash lozim.
O‘quvchining sumkasini yengillashtirish masalasida maktabning ham ahamiyati katta. Darsliklarni sinfda saqlash uchun javonlar tashkil etish, elektron ta’lim imkoniyatlaridan oqilona foydalanish, kunlik dars jadvali asosida faqat zarur kitoblarni olib kelishni yo‘lga qo‘yish ortiqcha yukni kamaytirishi mumkin. Ota-onalar esa farzandi bilan birgalikda sumkani muntazam tekshirib, keraksiz buyumlarni olib tashlashi, dars jadvaliga qarab kitoblarni saralashi mumkin.

Har bir ota-ona, o‘qituvchi va ta’lim muassasasi bu masalaga e’tibor qaratib, bolalar uchun yengil va xavfsiz o‘qish sharoitini yaratishi muhim.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA