O‘quvchilarimiz yutug‘i
O‘zbekistonlik o‘quvchilar 10-18 iyul kunlari Armanistonda o‘tkazilgan 33-Xalqaro biologiya olimpiadasida qatnashdi.
Dunyoning 64 davlatidan 256 nafar o‘quvchi qatnashgan mazkur olimpiadada Toshkent pediatriya instituti akademik litseyi o‘quvchisi Aziza Abduvaliyeva bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar qilmoqda.
Belgilangan tartibga ko‘ra, medal sohibi oliy ta’lim muassasasiga test sinovlarisiz, davlat granti asosida qabul qilinadi.
Bronza medali uchun o‘quvchiga 60 million so‘m, uning o‘qituvchisiga esa 45 million so‘m pul mukofoti topshirildi.
Undan sal avvalroq esa, o‘zbekistonlik o‘quvchilar Norvegiyaning Oslo shahrida 6-16 iyul kunlari o‘tkazilgan 63-Xalqaro matematika olimpiadasida ishtirok etdi.
Dunyoning 104 ta davlatidan 589 nafar o‘quvchi qatnashgan mazkur olimpiadada yurtimiz sharafini himoya qilgan Qorako‘l Xalqaro matematika maktabi o‘quvchisi Lazizbek Rajabboyev bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, medal sohibi oliy ta’lim muassasasiga test sinovlarisiz, davlat granti asosida qabul qilinadi.
Bronza medali uchun o‘quvchi 60 million so‘m, uning o‘qituvchisi esa 45 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
O‘zA