O‘quvchilar ham favqulodda vaziyatlarga tayyor bo‘lishi lozim
Xorazm viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda favqulodda vaziyatlar viloyat boshqarmasi hamkorligida favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda bunday holatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan amaliy tadbir o‘tkazildi.
Urganch shahridagi 13-son umumta’lim maktabi binosida “Ob’ektlarda favqulodda vaziyatlar xavfi yuzaga kelganda yoki sodir bo‘lganda xodimlarni muhofaza qilish tadbirlarini tashkil qilish va amalga oshirish” mavzusida maxsus taktik o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.


Tadbirda boshqarmalar xodimlari, o‘qituvchilar bilan bir qatorda o‘quvchilar ham faol ishtirok etib, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha zarur amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
Mashg‘ulotlar davomida fuqarolarni xavfsiz hududga tartibli evakuatsiya qilish, yong‘in o‘chirish vositalaridan to‘g‘ri foydalanish, favqulodda vaziyatlarda tezkor xizmatlar bilan hamkorlikda harakat qilish bo‘yicha amaliy mashqlar bajarildi.


Ushbu jarayonlarga tegishli tashkilotlar mutaxassislari, yong‘in o‘chirish texnikalari hamda tez tibbiy yordam brigadalari ham jalb etildi.
– Mashqlar boshlanganida ozroq hayajonlandik, – deydi maktab o‘quvchisi Dilshod Sobirov. – Biroq, qutqaruvchi akalar bizga yo‘l-yo‘riqlarni o‘rgatishdi. Endi biz favqulodda vaziyatlarda qanday yo‘l tutishni bilamiz.


Mazkur tadbirlar ta’lim muassasalarida xavfsiz muhitni ta’minlash hamda favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasini oshirishga xizmat qilganligi bois, o‘quv mashg‘ulotlarini bosqichma-bosqich viloyatning barcha tuman va shaharlarida o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA