“Opta” O‘zbekiston joy olgan guruhni “o‘lim guruhi” deb baholadi
Sport statistikasi va tahlillariga ixtisoslashgan Opta Analyst markazi o‘zining “Power Rankings” reytingi asosida 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati guruhlarining kuch darajasini baholadi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tadigan mundialda eng murakkab raqobat kutilgan uchta guruh aniqlangan bo‘lib, ular shartli ravishda “o‘lim guruhlari” sifatida baholanmoqda.
Reytingda birinchi o‘rinni “I” guruhi egalladi. Unda Fransiya, Senegal, Norvegiya hamda Iroq milliy terma jamoalari joy olgan bo‘lib, guruhning o‘rtacha murakkablik ko‘rsatkichi 81,8 ballni tashkil etgan.

O‘zbekistonlik futbol muxlislari uchun eng qiziqarlisi - terma jamoamiz o‘rin olgan “K” guruhi. “Opta” tahliliga ko‘ra, mazkur kvartet 81,0 ball bilan mundialning ikkinchi eng murakkab guruhi sifatida qayd etilgan.
Uchinchi pog‘onani esa “J” guruhi egallagan. Unda amaldagi Jahon chempioni Argentina terma jamoasi, shuningdek Jazoir, Avstriya va Iordaniya o‘rin olgan bo‘lib, uning murakkablik darajasi 80,5 ballga baholangan.
Tahlilchilar fikricha, turnirning nisbatan yengil guruhi sifatida “V” kvarteti qayd etilgan. Uning o‘rtacha reytingi 70,9 ballni tashkil qilgan. Mazkur guruhdan Kanada, Qatar, Shveysariya hamda Bosniya va Gersegovina o‘rin olgan.
Shu tariqa, xalqaro tahlilchilar bahosiga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirok etadigan “K” guruhida pley-off yo‘llanmasi uchun kurash mundialning eng shiddatli bahslaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, milliy terma jamoamizning “K” guruhidagi uchrashuvlari taqvimi quyidagicha ko‘rinish olgan:
1-tur: O‘zbekiston — Kolumbiya, 18-iyun soat 07:00;
2-tur: Portugaliya — O‘zbekiston, 23-iyun soat 22:00;
3-tur: Kongo DR — O‘zbekiston, 28-iyun soat 04:30.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA