Onlayn hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi
Guliston davlat universiteti va Xitoyning Shaanxi A&F Technology University oliy ta’lim muassasasi axborot texnologiyalari yo‘nalishida onlayn muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv Guliston davlat universiteti Xalqaro hamkorlik bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Zoom platformasi orqali bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Shaanxi A&F Technology University axborot texnologiyalari fakulteti vakillari hamda Guliston davlat universiteti axborot texnologiyalari kafedrasi professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi. Tomonlar ta’lim va ilm-fan sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, uni tizimli ravishda rivojlantirish hamda aniq “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
– Uchrashuv davomida axborot texnologiyalari sohasida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi va qator amaliy tashabbuslar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi, – deydi Guliston davlat universiteti Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Abdushohid Fazilov. – Xususan, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturlarini kengaytirish, xitoylik mutaxassislar ishtirokida onlayn va oflayn mashg‘ulotlar tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, sun’iy intellekt, Big Data, Data Analytics va raqamli transformatsiya kabi dolzarb yo‘nalishlarda qo‘shma ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, Scopus va Web of Science xalqaro ma’lumotlar bazalarida indekslangan nufuzli jurnallarda hammualliflikda maqolalar chop etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ilmiy seminarlar, vebinarlar va stajirovkalarni hamkorlikda tashkil etish bo‘yicha takliflar ham qo‘llab-quvvatlandi.
– Mazkur onlayn muloqot ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish hamda ta’lim va ilm-fan sohasida integratsiya jarayonlarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Guliston davlat universiteti Axborot texnologiyalari kafedrasi mudiri Sulton Tishlikov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri