Universitetda uchrashuv
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida Yoshlar kuni munosabati bilan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Tadbirda mazkur oliy o‘quv yurtining jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov so‘nggi yillarda mamlakatimizning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning ijobiy samaralari haqida so‘zladi.
Ta’kidlanganidek, matbuot va media sohasida qabul qilingan farmon va qarorlar asosida, jurnalistlarning so‘z erkinligini ta’minlash va davlat organlarining ochiqligi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, ommaviy axborot vositalari xodimlariga keng imkoniyatlar yaratib bermoqda. Bundan samarali foydalanib kelayotgan yoshlarimiz bugungi kunda nafaqat yurtimizda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalarida, balki dunyodagi eng mashhur media markazlarda o‘z ijodiy ishlarini olib bormoqda.
Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, jurnalistika sohasiga oid amaliy maslahatlar oldi. Ochiq muloqot tarzida o‘tgan ushbu tadbir yoshlar uchun katta tajriba maktabi bo‘ldi.
[gallery-28540]
Uchrashuv yoshlarning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, jurnalistika sohasiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.