Onlayn bozorda shikoyatlar nega ko‘paymoqda?
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda elektron tijorat jadal rivojlanib, onlayn xaridlar ommalashdi. Shu bilan birga, iste’molchilar va tadbirkorlar o‘rtasida turli muammolar ham yuzaga kelmoqda.
2026-yil I choragida 111 ta platforma bo‘yicha 1 ming 657 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning asosiy qismi tovar sifati, to‘lov masalalari va yetkazib berish bilan bog‘liq. Murojaatlarning 60 foizi ijobiy hal etilib, iste’molchilar foydasiga qariyb 350 million so‘mlik qayta hisob-kitob va almashtirish amalga oshirilgan.
Eng ko‘p shikoyatlar yirik platformalar — Uzum Market, Uzum Nasiya va Alif hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, instagram va telegram kabi ijtimoiy tarmoqlarda firibgarlik xavfi yuqori ekani qayd etilgan.
Asosiy muammolar — tovarning tavsifga mos kelmasligi, moliyaviy shaffoflik yetishmasligi va yetkazib berishdagi kechikishlar.
Muammolarni hal etish uchun “Escrow” (kafolatli) to‘lov tizimini joriy etish, onlayn nizolarni avtomat hal qilish (ODR), sotuvchilar reytingi va javobgarligini kuchaytirish, qonunchilikni takomillashtirish, aholining raqamli savodxonligini oshirish, logistika tizimini standartlashtirish kabi takliflar ilgari surilgan.
Xulosa qilib aytganda, sohada ijobiy o‘zgarishlar bor, ammo asosiy e’tibor muammolarni barvaqt aniqlash va oldini olishga qaratilmog‘i lozim.
N.Rahmonova, O‘zA