Ongli ravishda amalga oshirilgan jinoiy harakatlar
Mansab — imtiyoz emas, mas’uliyat. Ammo ayrim holatlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ba’zi mansabdorlar bu oddiy haqiqatni unutib, xizmat vakolatini shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanishga yo‘l qo‘yishmoqda.
Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani kadastr bo‘limining sobiq boshlig‘i Sh.Mamasodiqov bilan bog‘liq holat buning yaqqol isbotidir. U o‘z kasbiy bilimi va tizim imkoniyatlarini qonuniy faoliyat uchun emas, balki noqonuniy maqsadlar yo‘lida qo‘llagan.
Aniqlanishicha, u Zomin tumani “Duoba” mahallasi hududidan 2500 kvadrat metr yer maydonini asossiz ravishda egallab olgan. Bu bilan cheklanib qolmay, zamonaviy texnologiyalardan foydalanib, hokim qarorlariga noqonuniy aralashgan: 2021-yilda qabul qilingan qarorga o‘zgartirish kiritib, go‘yo mazkur yer maydoni unga umrbod foydalanish uchun ajratilgani haqida soxta hujjat tayyorlagan.
Bu yerda gap oddiy qonunbuzarlik haqida emas, balki tizimli soxtakorlik haqida bormoqda. Hokimlik muhrining qalbaki tayyorlanishi, mansabdor shaxslar imzolarining soxtalashtirilishi, elektron platformalar orqali soxta ma’lumotlarni rasmiy aylanmaga kiritish — bularning barchasi bir shaxs tomonidan ongli ravishda amalga oshirilgan jinoiy harakatlardir.
Eng achinarlisi, bu harakatlar raqamli tizimlarga ishonchni susaytirishi mumkin. Axir elektron davlat xizmatlari shaffoflik va adolatni ta’minlash uchun joriy etilgan edi. Agar bu imkoniyatlar qalbaki hujjatlarni “qonuniylashtirish” vositasiga aylansa, tizimning o‘ziga putur yetadi.
Keyinchalik ushbu yer maydoni boshqa shaxsga 10 ming AQSH dollariga sotilgan. Sud jarayonida bu holatni “sovg‘a” sifatida izohlashga urinishlar bo‘lgan bo‘lsa-da, yig‘ilgan dalillar voqelikni to‘liq ochib berdi.
Paxtakor tuman sudi tomonidan ish har tomonlama ko‘rib chiqilib, Sh.Mamasodiqov Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topildi. Unga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi hamda ma’lum muddatga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etildi.
Bu voqea bir haqiqatni yana bir bor eslatadi: qonunni chetlab o‘tish orqali qo‘lga kiritilgan har qanday “yutuq” vaqtinchadir. Adolat esa kechiksa-da, albatta qaror topadi.
Eng muhimi, bunday holatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarish zarur. Kadastr va boshqa strategik tizimlarda ichki nazoratni kuchaytirish, raqamli xavfsizlikni mustahkamlash va mansabdorlarning shaxsiy javobgarligini oshirish — bugungi kunning dolzarb vazifasidir.
Zero, yer — xalq boyligi. U bilan bog‘liq har qanday noqonuniy harakat esa jamiyat manfaatlariga qarshi qaratilgan jiddiy tahdiddir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri