Olmaotada Qozogʻistonning eng yirik 45 ming oʻrinli stadioni qurilishi boshlandi
Tengrinews.kz nashrining maʼlum qilishicha, 45 ming tomoshabinga moʻljallangan mazkur arena foydalanishga topshirilgach, Qozogʻistondagi eng yirik sport inshootiga aylanadi.
Qozogʻistonning Olmaota shahrida yangi futbol stadioni barpo etiladigan hududda dastlabki tayyorgarlik va muhandislik ishlari boshlandi.
Tengrinews.kz nashrining maʼlum qilishicha, 45 ming tomoshabinga moʻljallangan mazkur arena foydalanishga topshirilgach, Qozogʻistondagi eng yirik sport inshootiga aylanadi.
Qariyb 32 gektar maydonni egallaydigan majmua hududida asosiy va mashgʻulot maydonlari, jamoalar va rasmiylar uchun xizmat xonalari hamda tomoshabinlar uchun qulay infratuzilma zonalarini qurish rejalashtirilgan. Hozirda mutaxassislar hududning seysmik va geologik xususiyatlarini inobatga olgan holda tuproq tarkibini oʻrganmoqda.
Olmaota shahri qurilish boshqarmasi loyihalash boʻlimi rahbari Sirim Turlibining taʼkidlashicha, obyektning poydevor sinovlari oʻtkazilmoqda:
"Hozirgi vaqtda bino poydevori uchun sinov tariqasida qoziqlar tekshiruvdan oʻtkazilmoqda. Ushbu jarayon yakunlangach, zarur boʻladigan tayanch konstruksiyalarining aniq hajmi belgilanadi. Stadionning eskiz loyihasi UEFAning eng yuqori — 4-toifasi talablariga hamda Qozogʻiston futbol federatsiyasining texnik topshirigʻiga toʻliq mos ravishda ishlab chiqilgan".
Shahar hokimligining bildirishicha, inshootni foydalanishga topshirishning aniq muddatlari loyiha-smeta hujjatlari toʻliq tasdiqlangach eʼlon qilinadi.