Oliy ta’lim tizimida korrupsiyaviy jinoyatlar kamayganmi?
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Oliy va kasbiy ta’lim hamda ilm-fan sohasida korrupsiyaning oldini olish: ochiqlik, shaffoflik va jamoatchilik nazorati” mavzusida jamoatchilik eshituvi va ochiq muloqot tashkil etildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi oliy va kasbiy ta’lim hamda ilm-fan tizimida korrupsiyaning oldini olish, sohadagi jarayonlarda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda mavjud muammolar va ularning yechimlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Muloqot davomida so‘nggi yillarda tizimda amalga oshirilgan islohotlar, jumladan oliy ta’limga qabul, shartnoma va stipendiya to‘lovlari, talabalarni turar joylarga joylashtirish kabi jarayonlarni raqamlashtirish natijalari, korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar hamda davlat buyurtmasi asosida amalga oshirilayotgan ijtimoiy loyihalar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, olib borilgan tizimli ishlar natijasida oliy ta’lim muassasalarida korrupsiyaviy jinoyatlar soni izchil kamaygan.
[gallery-29787]
Xususan, o‘tgan 2024-yilda korrupsiyaviy jinoyatlar uchun 90 nafar xodim sudlangan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 81 nafarni tashkil etgan bo‘lib, bir yil ichida 9 taga kamayish qayd etilgan.
Sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar orasida pora olish, pora berish yoki ularda vositachilik qilish kabi holatlar sezilarli darajada qisqargani ham qayd etildi.
Shuningdek, vazirlik tizimida korrupsiyaga qarshi huquqiy madaniyatni yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Har yili 2 mingdan ortiq pedagog va 300 ming nafardan ziyod talaba-o‘quvchi “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” platformasida maxsus o‘quv kurslarida ishtirok etmoqda. Oliy ta’lim dasturlariga korrupsiyaning oqibatlari va unga qarshi kurashish mexanizmlariga bag‘ishlangan mavzular kiritilgan bo‘lib, hozirgi kunda 194 mingdan ortiq talaba ushbu yo‘nalishda ta’lim olmoqda.
So‘nggi ikki yil davomida “Yoshlar korrupsiyaga yo‘q deydi” mavzusida “Eng yaxshi rasmlar”, “Korrupsiyadan xoli ta’lim muassasasi” mavzusida “Eng yaxshi videoroliklar” respublika ko‘rik-tanlovlari hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid bilimlar bellashuvi” ham muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Jamoatchilik eshituvi yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida oliy ta’lim va ilm-fan sohasida korrupsiyaviy xavflarni yanada qisqartirish, ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirishga qaratilgan amaliy tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Muhayyo Toshqorayeva,O‘ktam Hayitov (surat)
O‘zA