Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda oliy ta’lim qamrovini kengaytirish, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, tizimdagi mavjud salohiyatdan samarali foydalanish, ilm-fanni iqtisodiyot bilan uzviy bog‘lash, ta’lim va tadqiqot integratsiyasini chuqurlashtirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Shu munosabat bilan taqdimotda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan yangi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.

Jumladan, “U10 – O‘zbekistonning global darajadagi ilg‘or universitetlari” dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida tanlov asosida 10 ta oliy ta’lim tashkilotiga milliy tadqiqot universiteti maqomi berilib, ularda ilmiy klasterlar tashkil etiladi.
Mazkur tanlov professor-o‘qituvchi va olimlar salohiyati, ishtirokchi tashkilotlarning milliy va xalqaro reytinglardagi o‘rni, ilmiy infratuzilmasi hamda moliyalashtirishdagi ulushi kabi ko‘rsatkichlar asosida o‘tkaziladi.
Tashkil etiladigan ilmiy klasterlar mahalliy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari, ilmiy muassasalar hamda sanoat korxonalari hamkorligidagi konsorsium sifatida faoliyat yuritadi.

Milliy tadqiqot universiteti maqomi berilgan universitetga ilmiy klaster tashkil etish uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 150 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
Shuningdek, oliy ta’lim tizimida natijaga yo‘naltirilgan moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Xususan, 2027-yildan boshlab oliy ta’lim tashkilotlarini ularning milliy reytingdagi natijalariga ko‘ra moliyaviy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda universitetlar ta’lim sifati, ilmiy faoliyat, xalqaro hamkorlik, raqamlashtirish va bitiruvchilar bandligi kabi mezonlar asosida baholanadi.

Davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalar uchun oliygohlarga ajratiladigan mablag‘lar miqdorini shakllantirishda ham yangi yondashuvlar taklif etildi. Endilikda ta’lim yo‘nalishining murakkabligi, mehnat bozori ehtiyojlari, universitet reytingi, hududiy omillar va professor-o‘qituvchilar mehnatini rag‘batlantirish kabi ko‘rsatkichlar inobatga olinadi.
Ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishning yangi tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. Xususan, davlat ilmiy dasturlari doirasida ajratiladigan mablag‘larning kamida 50 foizi ustuvor yo‘nalishlarga sarflanadi. Loyihalarni saralash xalqaro ekspertiza, ilmiy-texnik kengashlar va tarmoq korxonalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Shuningdek, oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar faoliyatida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishni kengaytirishga qaratilgan yangi tizim taklif etildi.
Jumladan, oliygohlarning “spin-off” korxonalarini tashkil etish orqali “tarmoq – korxona – oliy ta’lim tashkiloti – ilmiy tashkilot” zanjiri asosida innovatsion mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda.
Bu orqali ilm-fan natijalarini amaliyotga joriy etish, texnologik transferni kuchaytirish va universitetlarning tadbirkorlik faolligini oshirish maqsad qilingan.
O‘zbekistonni mintaqaviy ta’lim xabiga aylantirish maqsadida xorijiy talabalarni jalb etish bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif qilindi. Jumladan, har yili respublika davlat oliy ta’lim tashkilotlarida 500 nafargacha iqtidorli chet el fuqarolariga oliy ta’lim olish uchun grant ajratishni nazarda tutuvchi “Yangi O‘zbekiston stipendiyasi” dasturini amalga oshirish belgilanmoqda.
Taqdimotda sohada boshqaruv samaradorligini oshirish, raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish, yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan boshqa muhim tashabbuslar ham muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni har tomonlama puxta ishlab chiqish, ularni bosqichma-bosqich joriy etish orqali oliy ta’lim va ilm-fan tizimini yangi darajaga olib chiqish muhimligini ta’kidladi. Mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.