Turkiyaga amaliy tashrif yakunlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Anqara shahriga amaliy tashrifini yakunlab, Toshkentga jo‘nab ketdi.
“Etimesgut” aeroportida davlatimiz rahbari va rafiqasini Turkiya Respublikasi savdo vaziri O‘mer Bolat va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.

Kuni kecha O‘zbekiston yetakchisi Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan uchrashuv o‘tkazdi hamda Turkiy davlatlar sivilizatsiyasi bog‘ining ochilish marosimida ishtirok etdi.

Bugun Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Prezidentimiz ko‘p tomonlama sheriklikni yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi hamda qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Tashrif doirasida Turkiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazildi.