Oilaviy hamshiralarni tayyorlash – e’tiborda
Sog‘liqni saqlash vazirligining hamshiralik ishi bo‘yicha bosh mutaxassisi Rixsixon Salixo‘jayeva ishtirokidagi besh kunlik anjumanda sohada hamshiralik xizmatining o‘rnini yanada mustahkamlash, aholining tibbiy savodxonligini oshirish, profilaktika ishlarini kuchaytirish hamda xotin-qizlar salomatligini muhofaza qilish borasidagi vazifalar muhokama qilindi.
Namangan shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida Namangan viloyatidagi hududiy tibbiyot birlashmalari hamda davolash-profilaktika muassasalarining bosh hamshiralari ishtirokida o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning shu yil 11-iyundagi “2026-yilda Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning oltinchi bo‘limi xotin-qizlar faolligini oshirish va ayollarning jamiyatdagi rolini yanada kuchaytirishga qaratilgan.

Ushbu vazifalar doirasida aholining tibbiy savodxonligini yuksaltirish, xavfsiz homiladorlik va tug‘ruqni ta’minlash, millat genofondini yaxshilash, yosh onalarga chaqaloq parvarishi bo‘yicha uslubiy ko‘mak berish maqsadida mahallalarda oila hamshiralari tizimini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada tibbiyot texnikumlarida aholining tibbiy savodxonligini oshirishga yo‘naltirilgan maxsus kurslarni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Mazkur tashabbus “Namangan tajribasi” sifatida yo‘lga qo‘yilib, tibbiyot texnikumi o‘quvchilarining nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Xususan, maxsus kurslarni tamomlagan texnikum o‘quvchilarining poliklinikalardagi tibbiy brigadalarda amaliyot o‘tashini tashkil etish, ularni aholi bilan ishlash ko‘nikmalariga o‘rgatish va mahallalarda tibbiy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

– Tibbiy savodxonlik faqat kasallikni davolash emas, balki uning oldini olish, salomatlikka mas’uliyat bilan yondashish, homiladorlik va onalik davrida zarur tavsiyalarga amal qilish, bola parvarishida to‘g‘ri ko‘nikmalarni shakllantirishdan boshlanadi, – dedi Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari – viloyat xotin-qizlar va oila boshqarmasi boshlig‘i Dinara Yoqubova. – Shu boisdan ham, hamshiralarning aholi bilan bevosita muloqotda bo‘ladigan tibbiyot xodimi sifatidagi vazifalari yanada kengayib bormoqda. Mahallabay ishlash, xonadonlarga tashrif buyurish, xavf omillarini erta aniqlash va aholiga sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borishda ularning ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbir davomida, vazirlikning xodimlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va sog‘lom muhitni ta’minlash, xizmat munosabatlari madaniyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan buyrug‘i ijrosi yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, tibbiyot muassasalarida sog‘lom ish muhitini shakllantirish, xodimlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va xizmat munosabatlari madaniyatini yuksaltirish, har bir xodimning huquq va majburiyatlarini aniq bilishi hamda ularga rioya etishi zarurligi qayd etildi.

Bunday anjumanlar hamshiralik xizmatini yangi bosqichga ko‘tarish, tibbiyot texnikumi ta’limi va amaliyoti o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash, eng asosiysi, mahallalarda aholining tibbiy madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.
Binobarin, hududiy trenerlar olgan bilim va ko‘nikmalarini keyingi o‘quv jarayonlarida hamshiralarga yetkazib, mahallalarda tibbiy savodxonlikni oshirishga hissa qo‘shadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri