Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga oid ishlar qanday yo‘lga qo‘yilgan?
Milliy matbuot markazida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining «Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar: ustuvor vazifalar hamda amalga oshirilayotgan ishlar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Yangi O‘zbekistonda oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu boradagi islohotlar izchil davom ettirilib, 2026-yil 16-fevraldagi tegishli farmon bilan mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari belgilandi. Shu sana bilan qabul qilingan hujjat «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish» yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari hamda «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturining huquqiy asoslarini mustahkamladi.
2026-yil 3-martdagi farmon bilan esa ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy mexanizmlar joriy etildi.
2026-yil 6-mart kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezidentimiz tomonidan ushbu yo‘nalishdagi vazifalar yana bir bor ustuvor masala sifatida belgilab berildi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash sohasida ishlab chiqilgan «Yo‘l xaritasi» O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlanib, ijroga qaratildi. Ushbu hujjat asosida «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq maqsad va ko‘rsatkichlar kengaytirilib, sohaga daxldor vazifalarning amaliy ijrosiga alohida e’tibor kuchaytirildi.
[gallery-28127]
“O‘zbekiston-2030” strategiyasining 25-maqsadini amalga oshirishda 11 ta asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilangan.
Qo‘mita tomonidan har bir maqsadli ko‘rsatkich ijrosini tashkil etish bo‘yicha metodologik yondashuvlar asosida pasportlari ishlab chiqilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini tashkil etish bo‘yicha ko‘plab muhim vazifalar belgilangan.
Yilning dastlabki ikki oyida xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda oilalar daromadini oshirish yo‘nalishida aniq natijadorlikka qaratilgan ishlar olib borildi.
Mahallalarda xotin-qizlarni daromadli mehnatga jalb etish maqsadida 10 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha 5 ming 146 ta biznes loyiha shakllantirildi. Ularning asosiy qismi hunarmandchilik, kasanachilik, tomorqachilik, asalarichilik va parrandachilik yo‘nalishlariga to‘g‘ri keladi. Mazkur loyihalar hisobidan 2026-yilda 236 ming 953 nafar ishsiz xotin-qizning bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan, daromad topishga muhtoj, migratsiyadan hamda jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan 29 ming 707 nafar xotin-qiz uchun qisqa va o‘rta muddatli o‘quvlarni tashkil etish yuzasidan manzilli ro‘yxatlar shakllantirildi. Kasbiy ta’lim agentligi bilan ularni o‘qitish va tadbirkorlikka jalb qilish tartibi ishlab chiqildi. Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlarida tadbirkor ayollar bilan manzilli uchrashuvlar o‘tkazilib, aniqlangan muammolarning bir qismi joyida hal etildi. Sirdaryo viloyatining Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba va Xovos tumanlarida xotin-qizlarni iqtisodiy faollikka jalb etish yuzasidan o‘rganishlar olib borilib, jamoaviy biznesni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan 17 ta loyihaga start berildi.
Oila mustahkamligini ta’minlash, sog‘lom oilaviy muhitni qaror toptirish va ajrimlarning oldini olish borasida ham tizimli choralar ko‘rilmoqda.
Nizoli oilalar bilan manzilli ishlashning yangi mexanizmi sifatida «Ayol.gov.uz» platformasida «Oila» profili yaratildi. Ushbu tizim orqali mahalladagi xotin-qizlar faollari va FHDYO bo‘limlariga murojaat qilgan fuqarolar bilan ishlash asosida nizolarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, tuman va shaharlardagi «Oila va xotin-qizlar maskanlari»da 34 mingdan ortiq oilaviy ta’lim va oilaviy maslahat xizmatlari ko‘rsatildi.
Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish yo‘nalishida ham muhim ishlar amalga oshirildi.
Bu boradagi sa’y-harakatlar xalqaro maydonda ham e’tirof etilmoqda. Prezidentimiz tomonidan 6-mart kungi bayram tadbirida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Jahon bankining «Ayollar, biznes va qonun» indeksida 43 pog‘onaga yaxshilanib, 48-o‘ringa ko‘tarildi.
Qo‘mita faoliyatida raqamlashtirish va manzilli ishlash mexanizmlarini kuchaytirish ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.
Prezidentimizning 2026-yil 3-mart kuni qabul qilgan “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida” farmoni bu boradagi huquqiy bazani yanada kuchaytirishga, xotin-qizlar va bolalarga tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz ijtimoiy-huquqiy muhitni yaratish borasida olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘taradi.
Tazyiq va zo‘ravonlikka murosasiz muhit yaratish, xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish yo‘nalishida «Jinoyatsiz hayot» loyihasi bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda. «Xavfsiz mahalla – barqaror oila» loyihasi ishlab chiqildi va respublikaning 20 dan ortiq mahallasida tajriba tariqasida amalga oshirildi. Xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va boshqa salbiy holatlar ko‘paygan 81 ta og‘ir toifadagi mahallada alohida yo‘l xaritalari ishlab chiqilib, ijroga qaratildi. Ish joylarida genderga asoslangan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga xizmat qiluvchi namunaviy ichki nizom loyihasi tayyorlandi.
Matbuot anjumanida aynan shu yo‘nalishlardagi normativ-huquqiy hujjatlar, ustuvor vazifalar hamda amaliy natijalar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
N.Usmonova, O.Pardayev (surat), O‘zA