Odil sudlov akademiyasi magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi belgilandi
Kelajak yuristlari uchun qanday imkoniyatlar ochiladi va talablar nimalardan iborat?
Hukumat qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
2026-yil 25-iyunda tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, magistraturaga qabul jarayoni ta’limning kunduzgi va kechki ta’lim shakllari uchun amalga oshiriladi.
Magistraturada o‘qish muddati – kunduzgi va kechki ta’lim shakllari uchun 1 yilni tashkil etadi.
Magistratura mutaxassisligining kechki ta’lim shaklida 1 haftada odatda, 5 kun o‘qitiladi va haftalik o‘quv soati hajmi 20 akademik soat qilib belgilanadi.
Magistraturaga yurisprudensiya bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va magistraturaga qabul bo‘yicha turdosh oliy ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati bo‘yicha bakalavr darajasiga ega bo‘lgan shaxslar o‘rtasida tanlov asosida qabul qilinadi.
Tanlov, qoida tariqasida, avgust oyida o‘tkaziladi.
Tashqi abiturentlar uchun magistraturaga qabul Hukumatning 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim tashkilotlarining magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom asosida Akademiya qabul komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Ichki abituriyentlar uchun qabul mutaxassislik fanlari, shuningdek, xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi sertifikat bo‘lmaganda, chet tilidan test shaklidagi tanlov orqali amalga oshiriladi.
Magistratura bitiruvchilariga magistratura mutaxassisligi bo‘yicha davlat namunasidagi diplom beriladi.
Sherbek Islomov, O‘zA