MDH hududida turizmni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sanjar Tojiyev MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi Bosh kotibi Dmitriy Kobiskiy bilan uchrashdi.
Uchrashuvda MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kotibiyati Kengashining tashkiliy boshqaruv bo‘limi boshlig‘i Diana Survilayte hamda “Travel HUB” “Hamdo‘stlik” loyihasi rahbari Yuliya Zaykova ham ishtirok etdi.

Tomonlar o‘rtasida Hamdo‘stlik hududida turizmni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Uchrashuv davomida “Travel HUB” “Hamdo‘stlik” xalqaro turizm forumi soha uchun dolzarb masalalarni muhokama qilish va MDH davlatlarining turizm salohiyatini taqdim etish uchun talab yuqori bo‘lgan platformaga aylangani qayd etildi. Forum allaqachon Belarus, Tojikiston va Rossiyaning Dog‘iston mintaqasida o‘tkazilgan. Bundan tashqari, 2027-yilda “Travel HUB” “Hamdo‘stlik” forumini O‘zbekistonda o‘tkazish imkoniyati muhokama qilindi.

Dmitriy Kobiskiy Assambleya tuzilmasida axborot, madaniyat, turizm va sport bo‘yicha ixtisoslashgan komissiya faoliyat yuritishini, unga an’anaviy ravishda O‘zbekiston vakillari rahbarlik qilishini ta’kidladi.
Muloqot davomida hamkorlikni davom ettirish, jumladan O‘zbekiston tomonining 1-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan “Travel HUB” “Hamdo‘stlik” onlayn sessiyasida ishtirok etishi bo‘yicha kelishildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA