Nurotada zamonaviy EKO bozor qurilishi boshlandi
Mamlakatimizda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, aholiga qulay va zamonaviy xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada “Yangi O‘zbekiston qiyofasi” asosida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida Nurota tumanida ham muhim loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Jumladan, tumanda aholi ehtiyojlarini yanada to‘liq qondirish maqsadida yangi yirik savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasi – EKO bozor qurilishiga start berildi. Ushbu loyiha “G‘afur G‘ulom” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida amalga oshirilmoqda.

Loyihaning umumiy qiymati 15 milliard so‘mni tashkil etib, moliyalashtirish ishlari to‘liq ravishda tashabbuskor tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu esa xususiy sektorning hududlar taraqqiyotidagi o‘rni va faol ishtirokini yana bir bor namoyon etadi.

EKO bozor doirasida zamonaviy savdo shoxobchalari, maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari hamda ekologik toza mahsulotlar savdosiga ixtisoslashgan infratuzilmani barpo etish rejalashtirilgan. Ushbu ob’ekt nafaqat savdo markazi, balki aholi uchun qulay xizmatlar jamlangan zamonaviy maskanga aylanishi kutilmoqda.

Loyihaning amalga oshirilishi natijasida 60 ta yangi ish o‘rni yaratilishi, mahalliy aholi bandligi ta’minlanishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, yangi ob’ekt faoliyati orqali mahalliy byudjetga har yili taxminan 1 milliard so‘m miqdorida soliq tushumlari kelib tushishi rejalashtirilmoqda.
Muhimi, mazkur tashabbus aholiga qulay va sifatli xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytiradi, savdo madaniyatini yangi bosqichga olib chiqadi hamda tumanning iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri