Nurafshonning yangi me’moriy qiyofasi muhokamada qilinmoqda
Nurafshon shahrining zamonaviy qiyofasini shakllantirish, aholiga qulay sharoitlar yaratish hamda Toshkent viloyatining ma’muriy, ta’lim, tibbiyot va madaniy infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqish choralari ko‘rilmoqda.
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev "Yangi O‘zbekiston” bog‘ida “Nurafshon Business City” hududida rejalashtirilgan yirik ob’ektlar taqdimoti bilan tanishdi.
Mazkur loyiha Nurafshon shahrining zamonaviy qiyofasini shakllantirish, aholiga qulay sharoitlar yaratish hamda Toshkent viloyatining ma’muriy, ta’lim, tibbiyot va madaniy infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Taqdimot davomida hududda qurilishi rejalashtirilgan qator muhim ob’ektlarning loyihalari namoyish etildi. Xususan, “Kelajak markazi”, ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Toshkent viloyat hokimligi binosi, viloyat davlat arxivi, “Yoshlar shaharchasi”, Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi, Migratsiya agentligining viloyat filiali, Badiiy akademiya majmuasi, Narkologiya xizmati bo‘yicha viloyat filiali, Toshkent davlat texnika universiteti viloyat filiali hamda Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi kabi ob’ektlarning me’moriy yechimlari va funksional imkoniyatlari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Viloyat rahbari har bir loyiha bo‘yicha mutasaddilar, me’morlar va loyiha tashkilotlari vakillarining axborotlarini tinglab, binolarning zamonaviy talablar asosida barpo etilishi, aholi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratilishi, yashil hududlar ulushini ko‘paytirish hamda transport va piyodalar infratuzilmasi bilan uyg‘unligini ta’minlash yuzasidan o‘z tavsiyalarini bildirdi.

Ta’kidlanganidek, “Nurafshon Business City” kelgusida davlat idoralari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, madaniyat va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini birlashtirgan zamonaviy ishbilarmonlik va jamoat markaziga aylanishi ko‘zda tutilgan. Loyihaning amalga oshirilishi hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholining turmush sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Shuningdek, Zoyir Mirzayev hududda qurilishi davom etayotgan viloyat san’at saroyida ham bo‘ldi. Qurilish maydonidagi ishlar holati bilan yaqindan tanishgan viloyat hokimi pudratchi tashkilotlar vakillari va quruvchilar bilan suhbatlashdi.
Muloqot davomida qurilish-montaj ishlarining sifati, foydalanilayotgan qurilish materiallarining talab va standartlarga mosligi, belgilangan muddatlarga qat’iy rioya etish hamda mehnat xavfsizligi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Viloyat rahbari mazkur inshoot viloyat madaniy hayotining muhim maskanlaridan biriga aylanishini ta’kidlab, qurilish ishlarini sifatli va mas’uliyat bilan olib borish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Qayd etilishicha, zamonaviy me’moriy yechimlar asosida bunyod etilayotgan san’at saroyi turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, konsert dasturlari va ijodiy uchrashuvlarni yuqori saviyada o‘tkazish imkonini beradigan yirik majmua bo‘ladi.
A.Musayev, O‘zA