Noqonuniy tamaki aylanmasi 7 foizgacha kamaydi
Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi tomonidan Toshkent shahrida “Nikotin muqobillarini tartibga solishning dolzarbligi: jamoat salomatligi va iqtisodiyot manfaatlari muvozanati” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda asosiy e’tibor O‘zbekistonda nikotin mahsulotlari bozorini tartibga solishdagi so‘nggi o‘zgarishlar, noqonuniy savdo ko‘rsatkichlari va jamoat salomatligi sohasida xavf-xatarga asoslangan yondashuvdan foydalanayotgan xorijiy mamlakatlarning xalqaro tajribasi natijalariga qaratildi. Ishtirokchilar mahsulotlarning noqonuniy aylanmasi, yashirin bozor tufayli yuzaga kelayotgan iqtisodiy yo‘qotishlar va sohani yanada shaffof tartibga solishning samarali mexanizmlarini atroflicha muhokama qildilar.

Davra suhbatida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi xodimlari ham so‘zga chiqib, sohada olib borilayotgan islohotlar xususida to‘xtaldilar. Inspeksiya vakillari tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi hamda yashirin iqtisodiy harakatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar yuzasidan fikr almashdilar. Ayniqsa, bozorni raqamlashtirish va “ISAT” axborot tizimining joriy etilishi sohadagi xavflarni barvaqt aniqlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida qayd etildi.

Ta’kidlash joizki, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda yashirin iqtisodiyotga chek qo‘yish borasida jami 1 655 ta tezkor tadbir o‘tkazilgan. Ushbu tadbirlar doirasida iste’molga yaroqsiz hamda inson sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘diruvchi 48,7 milliard so‘mlik alkogol va spirt, shuningdek, 49,3 milliard so‘mlik tamaki mahsulotlari noqonuniy muomaladan olindi. Ko‘rilayotgan tizimli va izchil chora-tadbirlar natijasida mamlakatimizda noqonuniy tamaki aylanmasini 2023-yildagi 24,8 foizdan 2025-yil yakuniga kelib 7 foizga qadar qisqartirishga erishildi.

Davra suhbati yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar tomonidan O‘zbekistonda nikotin muqobillarini tartibga solish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish masalalarini kelgusida ekspertlar muhokamasiga taqdim etish uchun tegishli tavsiya va takliflar paketi tayyorlandi.
O‘zA