“Iqlim uchun 10 ming qadam” piyoda yurish marafoni o‘tkazildi
Bugun atrof-muhitni asrash, iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’sirini yumshatish insoniyat oldidagi eng dolzarb vazifalardan biriga aylanmoqda. Bu yo‘lda katta o‘zgarishlar, avvalo, insonning o‘zidan, uning hayot tarzi va ekologik madaniyatidan boshlanadi. Jizzax viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda tizim tashkilotlari xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan “Iqlim uchun 10 ming qadam” piyoda yurish marafoni ana shu ezgu g‘oyalarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
“10 ming qadam piyoda” aksiyasi doirasida tashkil etilgan tadbir Prezidentimizning 2026-yil 25-martdagi “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi.

Tongning musaffo havosi, tabiatning sokin nafasi bag‘rida boshlangan marafon ishtirokchilarga nafaqat tetiklik, balki yuksak kayfiyat ham ulashdi. Ekologiya tizimi xodimlari har bir qadamda tabiatga ehtirom, sog‘lom hayotga intilish va kelajak oldidagi mas’uliyat tuyg‘usini namoyon etdilar. Zero, inson salomatligi ham, atrof-muhit musaffoligi ham bir-biri bilan chambarchas bog‘liq.

— Bugungi shiddatli hayotda jismoniy faollik inson salomatligining muhim omilidir. Shu bilan birga, piyoda yurishni targ‘ib qilish va avtotransport vositalari harakatini kamaytirish orqali atrof-muhit musaffoligini ta’minlash mumkin, — deydi Jizzax viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Bunyod Egamov.

Darhaqiqat, bir qarashda oddiy tuyulgan piyoda yurishning o‘zi ham ekologik madaniyatning muhim ko‘rinishidir. Chunki har bir piyoda bosilgan qadam — toza havo, sog‘lom hayot va yashil kelajakka qo‘shilgan munosib hissadir.
Marafon davomida ishtirokchilarning ko‘tarinki ruhi, o‘zaro hamjihatligi va faolligi barchada katta taassurot qoldirdi. Har bir yurakda tabiatga mehr, har bir nigohda esa ertangi kunga ishonch aks etdi.

“10 ming qadam piyoda” aksiyasi barchani sog‘lom turmush tarzi va ekologik mas’uliyat sari chorlaydi. Zero, tabiat taqdiriga befarq bo‘lmagan insongina kelajak oldidagi burchini chuqur anglaydi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari