Nomzodlar turniri: Javohir Sindorovning shiddatli yurishi davom etmoqda
Kiprda davom etayotgan 14 ta turdan iborat Nomzodlar turnirining 7 ta turi ortda qoldi.
Nomzodlar turnirida dona surayotgan dunyoning eng kuchli 8 nafar erkak va 8 nafar ayol shaxmatchilari jahon shaxmat tojiga da’vogarlik manzilidagi yarim dovonni bosib o‘tishdi.

Mahoratli grossmeysterimiz, 2025-yilgi Jahon kubogi sohibi Javohir Sindorov kecha o‘tkazilgan 7-tur musobaqasida azaliy raqiblaridan biri niderlandiyalik Anish Giri bilan kuch sinashdi.
O‘yin deyarli to‘liq holda Sindorovning ustunligi va nazoratida o‘tgan bo‘lsa-da, Giri mustahkam himoya qo‘rg‘onini hosil qila bilishi natijasida muqarrar mag‘lubiyatini durangga aylantira oldi.

Turning qolgan bahslariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, xitoylik Vey I qora donalarda rossiyalik Andrey Yesipenkoni mag‘lub etib, musobaqadagi ilk g‘alabasini tantana qildi. Mattias Blyubaum–Hikaru Nakamura va Praggnanandxa – Fabiano Karuana qarama-qarshiligidagi o‘yinlarda murosa yo‘li tanlandi.
Nomzodlar turnirining ayollar musobaqasi 7-turida hindistonlik Vayshali Rameshbabu oq donalarda xitoylik Tan Chjun’ini mag‘lub etgan bo‘lsa, Anna Muzichuk (Ukraina) – Bibisara Asaubayeva (Hindiston), Divya Deshmux (Hindiston) – Katerina Lagno (Rossiya), Aleksandra Goryachkina (Rossiya) – Chju Sziner (Xitoy) uchrashuvlarida durang qayd etildi.

Bugun, 6-aprel kuni musobaqa ishtirokchilari uchun dasturga binoan dam olish kuni sifatida belgilangan. Ertaga 8-tur musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
Unda Javohir Sindorov qora donalarda Andrey Yesipenko qarshiligini yengishga harakat qiladi. Shuningdek, Vey I — Mattias Blyubaum, Anish Giri — Praggnanandxa, Hikaru Nakamura — Fabiano Karuana ro‘baro‘ keladi.

Ertaga bo‘ladigan 8-tur o‘yinlari ostonasida Sindorov 7 imkoniyatdan 6 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida yakka peshqadamligini davom ettirmoqda. Hamyurtimizdan 1,5 ochko ortda qolayotgan AQSH vakili Fabiano Karuana hisobida 4,5 ochko mavjud.
Mukofot jamg‘armasi umumiy hisobda 1 million yevrodan iborat bo‘lib, musobaqa g‘olibi 70 ming yevro, 2-o‘rin sohibi 45 ming, 3-o‘rindan joy olgan shaxmatchi 25 ming yevroga ega chiqadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA