Nomzodlar turniri: Bugun Javohir azaliy raqiblaridan biri Praggnanandxa bilan kuch sinashadi
Kiprda shaxmat bo‘yicha davom etayotgan Nomzodlar turnirining ortda qolgan ikkinchi tur o‘yinlaridan keyin erkaklar musobaqasida hamyurtimiz Javohir Sindorov, amerikalik Fabiano Karuana va hindistonlik Praggnanandxa 1.5 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.
Kecha o‘tgan ikkinchi tur bahsida Javohir Sindorov oq donalarda Mattias Blyubaum qarshiligini yengishga harakat qildi.
O‘ta shiddatli va kuchli ruhiy bosim ostida o‘tgan musobaqada tomonlar murosa yo‘lini tanladi.

Ushbu turda ayollar va erkaklar o‘rtasidagi barcha to‘qnashuvlar durang bilan yakunlangani yetakchilikka da’vogarlik uchun kurashlar hali oldinda ekanini ko‘rsatmoqda.
Bugun, 31-mart kuni Nomzodlar turnirining 3-tur o‘yinida Javohir Sindorov qora donalarda hind grossmeysteri Praggnanandxa bilan ro‘baro‘ keladi.

Bevosita Praggnanandxa - Sindorov bahsi haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, ular faoliyati mobaynida bir necha bor to‘qnash kelgan. Eng muhim o‘yinlari 44 va 45-Butunjahon shaxmat olimpiadalarida ro‘y bergan. Bittasida durang, bittasida vakilimiz mag‘lubiyati qayd etilgan.
Bundan tashqari, o‘tgan yillar davomida yirik xalqaro musobaqalarda ular bir necha bor kuch sinashgan. Hind shaxmatchisi reyting ko‘rsatkichi bo‘yicha mart oyi holatiga ko‘ra biroz orqaroqda. Hozirda Javohir FIDE reytingida 2745 ochko bilan 12-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, Praggnanandxa 2741 ochko bilan 13-qatorni band etgan.
Bugun o‘tadigan 3-turning qolgan bahslarida Mattias Blyubaum – Andrey Yesipenko, Fabiano Karuana – Vey I, Hikaru Nakamura – Anish Giri kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz, aylanma tizimda 14 ta turdan iborat Nomzodlar turniri musobaqasining so‘nggi turi 15-aprel kuni tashkil etiladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA