Nazorat tadbiri o‘tkazildi
Navoiy viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi tomonidan kelib tushgan murojaat asosida Navoiy shahar, Me’morlar ko‘chasida joylashgan 15-uyning yerto‘la qismida nazorat tadbiri o‘tkazildi.
O‘rganishda aniqlandiki, uyda istiqomat qiluvchi fuqaro yerto‘la qismiga o‘zboshimchalik bilan egalik qilgan. Shuningdek, yerto‘lada sanitariya me’yorlariga rioya qilinmagan holda quyon va kaptar boqilayotgani, turli yonuvchan va metall buyumlar saqlanayotgani ham ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holatlar ko‘p qavatli uylarning umumiy mulkidan foydalanish tartibiga, shuningdek, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga zid hisoblanadi.

– Fuqarolar murojaati asosida Navoiy shahridagi ko‘p qavatli uylar yerto‘lasi o‘rganildi, – deydi inspeksiyaning Ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish sho‘’basi bosh mutaxassisi Jahongir Idiyev. – O‘rganish davomida uyning yerto‘la qismida turli xil maishiy chiqindilar saqlanganligi aniqlandi. Fuqaroga aniqlangan qonunbuzarlik yuzasidan majburiy ko‘rsatma berildi. Majburiy ko‘rsatmada belgilangan muddat davomida yerto‘la tozalanmasa, unga nisbatan tegishli choralar qo‘llanishi tushuntirildi.
Berilgan ko‘rsatmaning ijrosi hududiy inspeksiya tomonidan qat’iy nazoratga olingan.

Hududlarda ko‘p qavatli uy-joy fondidan oqilona va qonuniy foydalanish, aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida nazorat tadbirlari davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri