Italiya va Markaziy Osiyo agrar innovatsiyani birga rivojlantiradi
Italiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida qishloq xo‘jaligida innovatsiya, barqaror rivojlanish va ilmiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan jami 12 hujjat imzolandi. Bu haqda “Italpress” axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Yevropaning ushbu yirik davlati Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va iqtisodiyoti kengashi – CREA ishtirokida Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston bo‘ylab tashkil qilingan rasmiy missiya davomida erishilgan bunday yirik kelishuv “Innovatsiya, regenerativ qishloq xo‘jaligi va agroekotizimni barqaror rivojlantirishda raqamlashtirish” mavzusidagi xalqaro forum doirasida qabul qilingan qo‘shma deklaratsiya bilan uyg‘un tarzda amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, anjuman dasturiga ko‘ra, Yevrosiyo universitetlari va ilmiy tadqiqot muassasalarining iqlim barqarorligi, oziq-ovqat xavfsizligi hamda agrotexnologiya bo‘yicha alyansi tashkil etildi. Ushbu platforma tomonlarni ilmiy markaz, universitet va moliyaviy institutlar sherikligi orqali ham birlashtiradi.
CREA va O‘zbekiston ilmiy muassasalari o‘rtasida tasdiqlangan anglashuv memorandumlari asosida qo‘shma tadqiqot olib borish, ilg‘or agrotexnologiyani joriy etish va ilmiy salohiyatni oshirish nazarda tutilgan.
Ayni jarayonda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, ekinning genetik salohiyatini oshirish, bog‘dorchilik va uzumchilikni rivojlantirish, o‘simliklarni barqaror himoya qilish, chorvachilik va sug‘orish tizimini takomillashtirish, suv va yer resurslarini samarali boshqarish, shuningdek aniq dehqonchilik va raqamli monitoring tizimini joriy etish kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi.
Tomonlar hamkorlik orqali qishloq xo‘jaligida texnologiya hissasini oshirish, yangi tadqiqotchilar tayyorlash, mahsulot sifatini yaxshilash va atrof-muhitga ta’sirni kamaytirishni ko‘zlamoqda.
D.Hakimov, O‘zA