Nazorat kuchaytirildi: 60 gektar urug‘lik maydonida kamchiliklar aniqlandi
Qishloq xo‘jaligida don va don mahsulotlariga bo‘lgan talabning ortib borishi aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, shuningdek, ichki bozor barqarorligini saqlashda urug‘chilik tizimining o‘rnini yanada oshirmoqda. Ayniqsa, boshoqli don ekinlari bo‘yicha yuqori hosildorlikka erishish uchun sifatli urug‘lik don yetishtirish va uni qat’iy nazorat qilish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda 2026-yil hosili uchun urug‘lik don yetishtirish huquqini qo‘lga kiritgan xo‘jaliklar faoliyati qishloq xo‘jaligi sohasidagi vakolatli inspeksiya tomonidan doimiy nazoratga olingan. Urug‘lik g‘alla yetishtirish jarayonida agrotexnik talablarning bajarilishi, nav tozaligi va fitosanitar holat alohida monitoring qilinmoqda.
Xususan, Toshkent viloyatining 11 ta tumanida tanlov asosida saralangan 159 ta fermer xo‘jaligi, klaster, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda elita urug‘chilik xo‘jaliklari tomonidan jami 9 ming 246 gektar maydonda 12 ta nav bo‘yicha 25 ming 763 tonna sifatli urug‘lik don yetishtirish rejalashtirilgan. Ushbu maydonlar tarkibida ko‘paytirish ko‘chatzorlari, super elita va elita avlodli urug‘lik maydonlari ham mavjud bo‘lib, ular yuqori sifatli urug‘lik bazasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mutasaddi organlar tomonidan o‘tkazilgan tizimli monitoring ishlari davomida urug‘lik maydonlarida barcha agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, ekinlarning rivojlanish bosqichlari hamda fitosanitar holati doimiy o‘rganib borilmoqda. Shu bilan birga, o‘simliklarni qo‘shimcha oziqlantirish, kasalliklarga qarshi kurashish va hosildorlikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘rganishlar natijasida 2 ta sub’ektga tegishli jami 60 gektar urug‘lik maydonlari belgilangan talablarga javob bermagani sababli urug‘chilik tizimidan chiqarildi. Bu holat urug‘chilikda sifat nazoratini yanada kuchaytirish zaruratini ko‘rsatmoqda.
Hozirgi kunda urug‘lik g‘alla maydonlari boshoqlash fazasida rivojlanmoqda. Ekinlarning o‘sishini jadallashtirish va kasalliklarga chidamliligini oshirish maqsadida azotli o‘g‘itlar hamda biostimulyatorlardan foydalanilgan holda barg orqali oziqlantirish ishlari olib borilmoqda.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, urug‘chilik tizimida qat’iy nazorat va zamonaviy agrotexnologiyalarning joriy etilishi kelgusi yil hosili uchun yuqori sifatli don yetishtirish imkonini beradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA