Navro‘z – Yangi hayot, yangi marralar sari!
Yurtimizda Navro‘zi olam dillarga shukuh ulashmoqda. Mehnat jamoalarida, qishloq va mahallalarda, ta’lim muassasalarida sayillar davom etmoqda.
Jumladan, Namangan davlat texnika universitetida bahoriy yangilanish va milliy qadriyatlar ayyomi ko‘tarinkilik bilan nishonlandi. “Navro‘z – Yangi hayot, yangi marralar sari!” shiori ostida bo‘lib o‘tgan bayram sayllari universitet jamoasi va talabalarga shodon kayfiyat ulashdi.

Sayl doirasida xalqimizning boy merosi, milliy an’analari va qadriyatlari tarannum etildi. Bahorning fayzli kunida universitet maydoni bayram shukuhi bilan to‘lib-toshdi. An’anaviy uloq-ko‘pkari musobaqalari shiddat va hayajon ila o‘tib, chavandoz yigitlarning mahorati barchaga zavq bag‘ishladi. Dorbozlik san’ati ustalari – “Yo‘ldosh ota sulolasi” oilaviy dorbozlar guruhi hayratomuz chiqishlari bilan yig‘ilganlarni lol qoldirdi. Ayniqsa, milliy kuy va qo‘shiqlar yangrab, talabalar tomonidan tayyorlangan sahna chiqishlari, qo‘shiq va raqslar bayram kayfiyatini yanada ko‘tardi.
Universitetda Navro‘z munosabati hamda muborak Ramazon oyi fazilatlarini ulug‘lash, ezgulik va mehr-oqibatni yanada mustahkamlash maqsadida professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar va talaba-yoshlar uchun iftorlik dasturxoni tashkil etildi.

Samimiy va fayzli kechada jamoa a’zolari bir dasturxon atrofida jam bo‘lib, iliq suhbatlar, ezgu tilaklar va duolar bilan oshno bo‘lishdi.
Namangan davlat texnika universiteti rahbariyati Navro‘zi olamga munosib to‘yona bilan kirib bordi. Oliygohda yangi “Kimyoviy-texnologiya o‘quv-ilmiy laboratoriya markazi” foydalanishga topshirildi.
Universitet olimlari tomonidan bajarilayotgan ilmiy loyihalar doirasida qariyb ikki milliard so‘m miqdoridagi grant mablag‘lari hisobidan barpo etilgan mazkur markaz zamonaviy ilmiy tadqiqotlar va amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun barcha zarur sharoitlarga ega bo‘lib, u yigirmadan ziyod so‘nggi rusumdagi laboratoriya jihozlari bilan ta’minlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA