Navro‘z festivali Samarqandda davom etdi
Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, madaniyat vazirligi, yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan Navro‘z festivali Samarqand viloyatida davom etdi.
Dastlab Bulung‘ur tumani olis mahallalarida tashkil etilgan festivalda poytaxtdan kelgan hamda samarqandlik taniqli san’atkorlar, el ardog‘idagi ijodkorlar qatnashdi. Ular ishtirokida “Do‘stlik dasturxoni”, “Ma’rifat bog‘i”, “Bahodirlar o‘yini”, “Varraklar sayli”, “Kitob va zakovat sayli” kabi rang-barang loyihalar o‘tkazildi, aholiga unutilmas bayram kayfiyati ulashildi.


- Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga ko‘ra, ushbu bayram bu yil “Navro‘zni ulug‘lash - insonni ulug‘lashdir!” degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazilmoqda, - deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari Xolbek Ko‘bayev. - Shu jihatdan mazkur festival tadbirlari ham inson qadri va uni ulug‘lashga qaratilgan. Bunda yurtimizning olis hududlari aholisiga bayram kayfiyati ulashish, ularni bayram bilan tabriklash, milliy an’ana va qadriyatlarimizni davom ettirishga urg‘u berilmoqda.


Bugun festival Payariq tumanining Nakurt mahallasida davom etmoqda. “Ma’rifat” targ‘ibotchilari ishtirokida o‘tkazilayotgan tadbirlar aholining ma’naviy dunyosini boyitish, milliy qadriyatlarni keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA