Ichimlik suvi ta’minoti qamrovi kengaymoqda
Suv – bebaho ne’mat. Shu boisdan ham mamlakatimizda aholini sifatli va uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Obi hayot manbaining nechog‘lik hayotiy zaruratligini 87 foiz markazlashgan ichimlik suvi bilan qamrab olingan uch milliondan ortiq Namangan viloyati aholisi misolida ko‘rish mumkin.
Bugungi kunda “Namangansuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati hamda uning shahar va tuman filiallari tomonidan viloyatdagi 754 mahalladan 595 tasiga xizmat ko‘rsatilib, iste’molchilarga ichimlik suvi uzluksiz yetkazilmoqda. Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, viloyatda ayni vaqtda 377 mingdan ortiq iste’molchilar bo‘lib, shundan 369 545 tasi xonadonlar va 7 ming 500 ga yaqini yuridik tashkilotlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘tgan yilning o‘zida 362 ming 400 dan ortiq mijoz suv hisoblagich bilan ta’minlanib, bu boradagi reja 96,1 foizni tashkil etdi. Ichimlik va oqava suv tarmoqlari hamda inshootlarining holati ham jamiyatning doimiy diqqat markazidagi masalalardan biridir. O‘tgan 2025-yil davomida 633 ichimlik suv olish inshootidan 72 tasi ta’mirlanib, ularning loyihaviy quvvati sutkasiga 693 ming metr kub bo‘lsa, amaliy quvvati 569,2 ming metr kubni tashkil etadi.

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-iyuldagi tegishli qarori hamda “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyatining 2025-yil 28-avgustdagi buyrug‘iga muvofiq, “Namangansuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan o‘tgan kuz-qish mavsumiga puxta hozirlik ko‘rilib, maxsus shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilgani natijasida ta’minot mir maromda bo‘lishi to‘laqonli ta’minlandi.
Mavsum davomida ichimlik va oqava suv tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida avariya holatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rildi. Buning uchun shahar va tumanlardagi 24 brigada tarkibida bir smenada 76 nafar ishchi-xodim va 70 maxsus transport vositasi xizmatda bo‘ldi. Jamiyatning ichki imkoniyatlari hisobidan ichimlik suvi tarmoqlarini mukammal ta’mirlash bo‘yicha rejada belgilangan 12,8 kilometr o‘rniga 15,9 kilometr tarmoq ta’mirlandi.

– Ichimlik suvi tizimlarida nosozliklar yuzaga kelgan hollarda hamda yog‘ingarchiliklar paytida iste’molchilarni, birinchi galda aholi xonadonlarini uzluksiz suv bilan ta’minlash maqsadida jamiyatimiz tasarrufidagi 17 maxsus suv tashish texnikasi doimiy shay holda xizmat ko‘rsatmoqda. Bunga qo‘shimcha ravishda, viloyatimiz hududida yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan 63 suv tashish texnikasi mavjud. Qolaversa, davlatimiz rahbarining 2024-yil 24-dekabrdagi “2025-2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan jamiyatimizga maxsus mashina va mexanizmlar xarid qilish uchun o‘tgan yili byudjetdan 2,5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi, – deydi “Namangansuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati direktori Muxtor Hojiyev.
Respublika byudjetidan 164 milliard so‘m va 62,3 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar hisobidan 328,83 kilometr ichimlik hamda 4 kilometr oqava suv tarmoqlari qurilib, sakkizta suv inshooti rekonstruksiya qilindi. Buning natijasida 59,2 ming aholi ilk bora obi-hayotdan bahramand bo‘la boshladi. Hududlarda 75,3 ming aholi uchun suv ta’minoti yaxshilandi. Qolaversa, jamiyat tomonidan xalqaro hamkorlik aloqalari izchil va samarali davom etmoqda.

Jahon banki, “OPEC” jamg‘armasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki loyihalari doirasida yuqori quvvatli suv olish inshootlari va suv tarmoqlari barpo etilmoqda. Shuningdek, nasos stansiyalari yangilanib, skada tizimi joriy etilmoqda. Masalan, “Yangiqo‘rg‘on tumanining Zarkent, Xojikent, Iskovot, Buloqboshi, Yoshlik shaharchalari va Namangan shahrining suv ta’minotini yaxshilash” loyihasi doirasida 53,96 million dollar miqdorida kredit mablag‘lari jalb etiladi. Shundan 2023-2024-yilda 17,59 million dollar, o‘tgan yilning o‘tgan o‘n oyida esa 7,54 million dollar miqdoridagi mablag‘ sarflandi.
Loyiha doirasida 12 ta lot bo‘yicha quvvati 51,4 ming metr kub/sutka bo‘lgan “Zarkent” va “Buloqboshi” suv olish inshootlari, beshta suv taqsimlash inshooti, 568,9 kilometr magistral va ichki suv tarmoqlari qurilmoqda. Xususan, o‘tgan davrda 571 kilometr tarmoq tortildi, 10 ta suv qudug‘i burg‘ilandi, 11 mingdan ortiq xonadonlarga suv hisoblagichlar o‘rnatildi, beshta suv taqsimlash inshootida toza suv saqlash hovuzlari barpo qilindi.
Qolaversa, iqtisod qilingan 25,6 million dollar mablag‘ hisobidan “Jiydakapa” suv olish inshootidan “Rovuston” suv taqsimlash inshootigacha 33 kilometr uzunlikdagi magistral suv quvuri tortish, “Rovuston” suv inshootida qo‘shimcha to‘rtta nasos agregati o‘rnatish, Uychi tumanidagi “Uychi” suv olish inshooti va 5,5 kilometr magistral suv quvurlarini qayta rekonstruksiya va modernizatsiya qilish hamda 5,5 mVt quyosh panellarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari “Namangan viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida 60 million dollar jalb etish ko‘zda tutilgani holda, so‘nggi uch yilda 32 million dollarga yaqin mablag‘ yo‘naltirilib, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bajarildi. Buning natijasi o‘laroq, Namangan shahrini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi uchta suv olish, o‘nta suv taqsimlash inshootini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, 41 kilometr ichimlik suv quvurlarini rekonstruksiya qilish hamda Pop tumani oqava suvlarni tozalash inshooti to‘liq rekonstruksiya qilinadi.
Norin tumani Sho‘rariq, hozirgi Yangi Namangan mahallasi infratuzilmasini yangilash, aholiga munosib sharoit yaratish va kommunikatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha “Namangansuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ushbu hududda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 130 metr chuqurlikda tik quduq qazishga kirishildi. Shuningdek, 18 metr balandlikdagi, 50 kub metr sig‘imli suv minorasi o‘rnatilmoqda. Loyihaga muvofiq, 14 kilometr uzunlikdagi yangi ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, 1 ming 280 xonadonda istiqomat qilayotgan besh mingdan ortiq aholining sifatli ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji uzluksiz qoplanadi.
Jamiyat tomonidan viloyatning barcha hududlarida infratuzilmani yaxshilashga birdek ahamiyat qaratilmoqda. Jumladan, Davlatobod tumanida aholini sifatli va uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida yangi ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlari olib borilmoqda. “24/7” tarzda faoliyat yurituvchi To‘raqo‘rg‘on ko‘chasiga yangi tarmoq tortilmoqda. Bunda umumiy uzunligi 3,2 kilometr bo‘lgan ichimlik suvi tarmog‘i qurilmoqda.
Bugungi kunga qadar 3 ming 150 metr transheya qazilib, 3 ming 100 metr temir quvur yotqizildi. Aholi va yuridik iste’molchilarga yetkazib berilgan toza ichimlik suvi to‘lovlarini o‘z vaqtida hisob-kitob qilish, mavjud qarzdorliklarni undirishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilayotgani ham o‘zining kutilgan samarasini bermoqda.
Joriy yildagi – “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturi ijrosi doirasida, “Namangansuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan suv ta’minotini 87,9 foizga ko‘tarish, 353,93 kilometr ichimlik va 15,94 kilometr oqava suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish, Yangi Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida suv inshootlarini qurish, shuningdek, skada tizimi va zamonaviy nasos agregatlari o‘rnatish orqali uzluksiz va sifatli suv ta’minotini yetkazish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.