Navoiyga munosib izdosh
Millatning salohiyatini eng yorqin namoyon etuvchi ko‘zgusi bu shubhasiz adabiyotdir. Aynan u sababli umuminsoniyatga o‘z so‘zini ayta olish, ezgulikka chorlash mumkin.
Adabiyot haqidagi eng munosib ta’riflarni faqat adabiyotning o‘zidan topmoq mumkin. Masalan, ulug‘ shoirimiz, O‘zbekiston qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning quyidagi misrasi fikrimizni dalillaydi:
Besh asrkim, nazmiy saroyni,
Titratadi zanjirband bir she’r.
Temur tig‘i yetmagan joyni,
Qalam bilan oldi Alisher.
Mazkur misralarni tahlil qilar ekanmiz, shoir tafakkuri naqadar yuksak ekanligidan hayratlanamiz. Buning qisqacha ma’nosi shuki, qalam bilan butun yer yuzidagi insoniyatni zabt etmoq mumkin. Turkiy adabiyotni hazrat Alisher Navoiy bayroqdor sifatida maydonga olib chiqqan bo‘lsa, oradan roppa-rosa besh yarim asr o‘tgach, o‘zbek adabiyotida milliy roman asoschisi sifatida Abdulla Qodiriy sahnaga chiqib keldi.
Mantiqan olib qaralsa, har bir sohada bo‘lgani kabi yozuvchilikda ham bir qancha asarlar mashqi natijasida shoh asar yaratiladi. Ammo Qodiriyda buning aksi bo‘ldi. U yaratgan ilk roman, “O‘tkan kunlar” nafaqat o‘zining ijodida, balki o‘zbek adabiyotida ham birinchi va shoh asar sifatida tarixda qoldi. Undan so‘ng qator romanlar yozildi. Xususan, Qodiriyning “mehrobdan chayon” romani ham o‘quvchilarga taqdim etildi. Biroq ularning hech biri “O‘tkan kunlar” darajasiga chiqqanicha yo‘q. Hattoki, bugungi kungacha qanchadan-qancha romanlar adabiyotimiz javonida savlat to‘kib turgan bo‘lsa ham, ular go‘yo “O‘tkan kunlar”ga ta’zim qilib turganiga guvoh bo‘lamiz. Negaki, unda muallif go‘yo mahoratning eng baland cho‘qqisiga sakragan-u, bunga qayta urinsa ham yetib bo‘lmaydi.
Mazkur asarda o‘z nomi bilan millatimizning o‘tgan kunlari eng yorqin va adolatli tasvirlangan. Unda shu qadar ramzlar ko‘pki, bir insonning dunyoqarashi buncha ifodani qanday sig‘dirganidan lol qoladi kishi. Masalan, asar shom azoni bilan boshlanib, shom azoni bilan tugaydi. Bu esa o‘sha vaqtdagi Turkistonning qorong‘ulik Ichida qolganidan dalolat. Asarda nafaqat ikki oshiq qissasi, balki butun Turkistondagi vaziyat shu qadar ustalik bilan ifodalanadiki, o‘quvchi xuddi o‘sha davrda yashagandek his qiladi o‘zini.
Aynan bugungi sanada buyuk jadid, yozuvchi, tarjimon, Abdulla Qodiriy tavallud topgan. 1894-yil 10-aprel. Uning “O‘tkan kunlar”, “mehrobdan chayon”, “Obid ketmon” kabi asarlari adabiyotimizning eng nodir xazinalari sifatida yashaydi. Bugungi sana yurtimizda adabiyot bayrami sifatida keng nishonlanmoqda.
Sherbek Islomov
O‘zA