Namanganlik ijodkorlar “Zakovat”da bahslashdi
Namanganda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan Namangan davlat pedagogika instituti bilan hamkorlikda Matbuot va axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan "Zakovat" intellektual o‘yini o‘tkazildi.
Oliy o‘quv yurtining axborot-resurs markazida bo‘lib o‘tgan bilimdonlar bahsida televideniye, radio, matbuot, axborot xizmatlari, internet saytlari nashrlari va nashriyotlar vakillari, bolgerlar hamda sohada uzoq yillar mehnat qilgan faxriylardan iborat jamoalar ishtirok etdilar.


Prezidentimizning 2022-yil 20-yanvardagi “Zakovat intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan o‘yin davomida adabiyot, tarix, madaniyat, shuningdek, jurnalistika sohasidagi huquqiy-normativ hujjatlar hamda mantiqiy, qiziqarli savollar o‘rtaga tashlandi.

Ijodkorlaring aqliy salohiyati, huquqiy savodxonligi va kitobxonlik bilimlarini sinovdan o‘tkazgan tanlovda barcha savollarga zukkolik va topqirlik bilan javob qaytargan Namangan shahridagi Boborahim Mashrab nomidagi nashriyotning "Mashrab belanchagi" jamoasi umumiy hisobda “Zakovat” o‘yinlari g‘olibi sifatida e’tirof etildi. Matbuot nashrlari, axborot xizmatlari va blogerlardan iborat "O‘zbekchilik" jamoasi faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rin viloyat “Namangan haqiqati" gazetasi tahririyatining "Haqiqat" jamoasiga nasib etdi.

Tanlovning g‘oliblari va faol ishtirokchilari tashkilotchilarning tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi raisi vazifasini bajaruvchi Gulchehra Buvamirzayevaning qayd etishicha, fuqarolarning intellektual salohiyati va bilim darajasini oshirish, dunyoqarashini kengaytirishga qaratilgan “Zakovat“ o‘yinlari kelgusida jurnalistlar o‘rtasida an’anaviy ravishda yo‘lga qo‘yiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA