Madaniyat poytaxtiga aylangan shahardan e’tiroflar (+video)
Bobur shahrida Andijonning “Turkiy dunyo madaniyat poytaxti” deb e’lon qilinishi munosabati bilan o‘tkazilayotgan xalqaro madaniy tadbirlarning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bu nafaqat Andijon, balki butun O‘zbekiston madaniy hayotida muhim sahifa ochdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, tashkilotga a’zo davlatlardan tashrif buyurgan rasmiylar, san’atkorlar, mehmonlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Marosim avvalida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Prezident tabrigini o‘qib eshittirdi. Bu tabrik Andijonga berilgan yuksak e’tirofning davlat miqyosidagi ahamiyatini yanada ochib berdi.
Vazirning chiqishida asosiy urg‘u yoshlarga qaratildi. Uning ta’kidlashicha, Andijon yoshlarining milliy qadriyatlarga munosabati bugun shaharning kelajagini belgilaydigan muhim omillardan biri.
-Andijon xalqiga qarab, ayniqsa yoshlar ruhiyati va faolligini ko‘rib, bir narsani aniq his qilish mumkin — andijonlik yoshlar milliy qadriyatlarimizni chuqur anglab, ularni asrab-avaylashga katta e’tibor qaratmoqda, — dedi Ozodbek Nazarbekov.
Bu fikrlar bejiz emas. Chunki madaniyat poytaxti maqomi faqat tadbirlar o‘tkazish bilan emas, uni davom ettiradigan avlodning ma’naviy tayyorgarligi bilan ham o‘lchanadi.
Xalqaro TURKSOY tashkiloti rahbari Sulton Rayev esa Andijonga berilgan ushbu maqomning keng qamrovli ahamiyatiga to‘xtaldi. Uning aytishicha, bu qaror nafaqat shahar, balki butun turkiy dunyo madaniy hamkorligining yangi bosqichini boshlab beradi.
-2026-yil davomida Andijonda teatr festivallari, yozuvchilar uchrashuvlari, anjumanlar va qator yirik madaniy loyihalar bo‘lib o‘tadi. Bu xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlaydi, — dedi Sulton Rayev.
Bu esa Andijonni bir yil davomida turkiy xalqlarning madaniy muloqot markaziga aylantirishi kutilmoqda. Ayniqsa, shaharning boy tarixi va merosi bu jarayonga alohida mazmun bag‘ishlaydi.
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov esa ushbu e’tirofni Andijon ahliga bo‘lgan ishonch va ehtirom sifatida baholadi.
Darhaqiqat, madaniyat poytaxti maqomi faqat ma’naviy emas, iqtisodiy va turistik jihatdan ham katta imkoniyat eshigini ochadi. Bu esa Andijonning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashi shubhasiz.
Tantanali ochilish marosimida yangragan ushbu fikrlar bir haqiqatni yana bir bor tasdiqladi: Andijon endi faqat tarixiy shahar emas, balki turkiy xalqlarni birlashtiradigan muhim madaniy maydonga aylanmoqda. Bu e’tirof esa shaharning bugungi salohiyati va ertangi istiqbolining yorqin ifodasidir.
<iframe width="873" height="491" src="https://www.youtube.com/embed/-Cxj04tq_OM" title="Madaniyat poytaxtiga aylangan shahardan muhim e’tiroflar " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova, Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat, video), O‘zA muxbirlari