Namanganda yangi zargarlik korxonasi ishga tushirildi
Namangan viloyati Davlatobod tumanida joylashgan “Namangan zargarlik klasteri” hududida “Modern Gold Jewelry Manufacturing” xorijiy korxonasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur investitsiya loyihasi mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, sanoat salohiyatini yuksaltirish va yangi ish o‘rinlari yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalaridan biridir.
“O‘zmilliybank” tomonidan tashkil etilgan zargarlik klasteri doirasida barpo etilgan korxona Dubay va Hindiston investorlari ishtirokida faoliyat boshladi.
Korxonada rangli metallarni qayta ishlash, zamonaviy zargarlik buyumlari tayyorlash va mahsulotlarni tashqi bozorlarga eksport qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Loyiha doirasida yiliga 1,5 tonna rangli metallni qayta ishlash hamda 600 million AQSH dollari miqdoridagi eksport hajmiga erishish rejalashtirilgan.
E’tiborlisi, yangi korxonada 200 nafardan ziyod fuqaroning bandligi ta’minlanishi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, klaster hududida zargarlik maktabini tashkil etish ham rejalashtirilgan. Bu yerda yoshlar zamonaviy zargarlik sirlarini o‘rganib, kasbiy ko‘nikma va malakalarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mazkur tashabbus soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.
Korxonada ishlab chiqariladigan tayyor mahsulotlarni Singapur, Hindiston va arab mamlakatlariga eksport qilish mo‘ljallangan.
[gallery-32146]
Yangi investitsiya loyihasining amalga oshirilishi hududda sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish va Namangan zargarlik mahsulotlarining xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA